12 mart kuni BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Buxoro viloyatining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalarni saqlash uchun sovutish omborini topshirdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» ga jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

Mazkur uskuna vaksinalarni sovutish, haroratni nazorat qilish moslamalari, sovutish xonalari va vaksinalar yetkaziladigan konteynerlarni o‘z ichiga oladi.

Vaksinalar omborida 1 yoshgacha bo‘lgan 41,5 ming nafar bolani emlash uchun taxminan 9000 litr vaksinani saqlash mumkin. Uskuna vaksinalarni Selsiy bo‘yicha 2−8 daraja issiq haroratda saqlash imkonini beradi.

«Biz og‘ir davrlarni boshdan kechirmoqdamiz va COVID-19 pandemiyasi YUNISEF ko‘p yillardan buyon targ‘ib etayotgan da’vatni bera oldi. Shu nuqtai nazardan, vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha Global alyans ko‘magi bilan bizning bugungi hissamiz juda muhimdir», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade.

2017 yildan beri YUNISEF butun O‘zbekiston bo‘ylab jami 21 ta vaksina omborlari qurilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozirgi vaqtda hajmi 10 dan 40 kubometrgacha bo‘lgan 17 ta vaksina omborlari yong‘in va xavfsizlik signalizatsiya tizimlari, shuningdek yuk ortish-tushirish uskunalari, sovutgichlar, muzlatgichlar va muzlatish kameralari, haroratni nazorat qilish moslamalari va generatorlar bilan jihozlangan. Shuningdek, YUNISEF xodimlar uchun himoya kiyimlarini ham taqdim etadi.

2021 yilda yana to‘rtta omborxona foydalanishga topshiriladi. YUNISEF shuningdek, xodimlarni o‘qitish, sovutish zanjirili ob’ektlaridan, muzlatgichli yuk mashinalari, vaksinalar konteynerlari va muzlatish kameralaridan foydalanishda kerak bo‘ladigan qo‘llanmalarni taqdim etishda ko‘maklashadi.