9 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan uchrashuvi hamda ikki mamlakat TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga, xususan, oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar 2020 yil fevral oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning uchrashuv va muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Yig‘ilishda vazirlar parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha, shuningdek, ilmiy-ta’lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish, shuningdek Xo‘ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg‘ona oliy turizm maktabini tashkil etish bo‘yicha fikr yuritildi.

Turkiya tomoni «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya, «Sharq taronalari», baxshichilik san’ati, hunarmandlar xalqaro festivallari va boshqa tadbirlarga taklif qilindi.

Yig‘ilish yakunlangach, ikki mamlakat tashqi siyosaiy idoralari rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi.