2020 yilda Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 436 mln dollarlik 712 ta loyiha amalga oshirilib, 4 ming 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan edi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida esa 52 ta loyiha bajarilib, natijada 300 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan.

9 mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda kelgusida amalga oshirilishi reja qilingan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Bu boradagi ishlarning tizimli davom sifatida umumiy qiymati 887 mln dollardan ziyod bo‘lgan yana 711 ta loyiha shakllantirilgan. Natijada qariyb 222 mln dollarlik ishlab chiqarish quvvatini tashkil etish, 100 mln dollarlik import o‘rnini bosish hamda 41 mln dollarlik eksportni ta’minlash mumkin bo‘ladi. 22 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi, deyiladi xabarda.

Loyihalarning 201 tasi sanoat, 280 tasi xizmat ko‘rsatish, 230 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Qoraqalpog‘istonning boy mineral resurslarini qayta ishlab, qurilish materiallari tayyorlash maqsadida 150 ta loyiha rejalashtirilgan. Natijada yiliga 1 trln so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, qo‘shimcha 3 mln dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi. Misol uchun, Mo‘ynoq tumanida keramika va qamishdan plitalar, To‘rtko‘l tumanida oyna ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

To‘qimachilik sohasida 40 ta, farmatsevtika yo‘nalishida 16 ta korxona tashkil etish mo‘ljallangan. Bu korxonalarda 5 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

Ulardan biri — artemiya sistasini qayta ishlash bo‘yicha loyiha. Qisqichbaqasimonlar oilasiga mansub ushbu mitti jonzotdan tayyorlanadigan mahsulotlar tibbiyot, farmatsevtika, kosmetologiya, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda foydalaniladi. Shu bois 30 mln dollar evaziga korxona tashkil etib, yiliga 3 ming 500 tonna artemiya sistasini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Uning eksport quvvati 30 mln dollar bo‘lishi mo‘ljallangan. Bu yerda 500 ta doimiy, 2 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yana 13 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning samarasida qizilmiya mahsulotlari eksporti miqdorini hozirgi 29 mln dollardan 62 mln dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlari ham juda keng. Masalan, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik bo‘yicha 117 ta loyiha ishlab chiqilgan. Ularning samarasida 7 mingga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi. Ahamiyatlisi, ushbu loyihalarning 24 tasi go‘sht, sut va terini qayta ishlash, omuxta yem ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.

Davlat rahbari xorijiy tajribani tatbiq etgan holda, naslli chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Resurslarni to‘la ishga solib, qayta ishlashni chuqurlashtirish, aholiga doimiy daromad manbai yaratish chora-tadbirlari yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.