«O‘zavtosanoat» boshqaruv raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov UzAuto Motors kompaniyasi Tahoe, Equinox, Trailblazer va boshqa xorij avtomobillarini import qilishda bojxona boji to‘lash yoki to‘lamasligini ayta olmadi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Aksiz o‘tgan yili chiqqan qaror bilan nafaqat bizga, hammaga — mahsulot ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga ham bekor qilingan. QQS 100 foiz to‘lanadi. Davlat bojini to‘lash yoki to‘lamasligimizni hozir ayta olmayman. Lekin men shuni aytib o‘tishim mumkinki, UzAuto Motors mavjud qonun doirasida faoliyat olib boradi. Aks holda biz bu yerda o‘tirmagan bo‘lar edik», — dedi u.

«O‘zavtosanoat» boshqaruv raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov.

Jurnalistlarning «hozir amalda kompaniya uchun hech qanday imtiyozlar yo‘qmi?», degan savoliga «O‘zavtosanoat» vakili «yo‘q», deb javob berdi.

UzAuto Motors bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Rustam Rajabovning aytishicha, ST-1 sertifikatiga ega bo‘lgan Lada, Hyundai va boshqa Rossiyadan keltirilayotgan avtomobillar «UzAuto Motors bilan bir xil shartlarda va hech qanday boj to‘lamaydi».

«Ular nima to‘lasa, biz ham shuni to‘laymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

UzAuto Motors bosh direktori v.v.b. Rustam Rajabov.

Ta’kidlash joiz, avtomobil erkin savdo zonasi to‘g‘risida shartnoma tuzilgan mamlakatda (Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa MDH davlatlari) ishlab chiqarilgan, avtomobilning kelib chiqishi esa ST-1 sertifikati bilan tasdiqlansa, bojxona boji undirilmaydi. Agar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 50%dan ortiq bo‘lsa va to‘liq sikl bo‘yicha yig‘ilsa, ST-1 sertifikati ishlab chiqaruvchi zavod yoki eksportchi mamlakatning Savdo-sanoat palatasi tomonidan beriladi.

Chevrolet Tahoe, Equinox, Trailblazer i boshqalarga mazkur tartib amal qilmaydi. Misol uchun, Trailblazer — Tailanddan, Tracker — Xitoydan olib kelinadi. Equinox mashinasi ham Xitoydan olib kelingan.

Avvalroq, Azizbek Shukurov qimmatbaho — Equinox, Malibu va Tahoe — avtomobillaridan tushgan daromad arzon — Spark va Nexia modellaridan tushgan zararni qoplaydi, deya ma’lum qilgan edi.

Noyabr oyida deputatlar Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligiga avtomobillarni import qilishdagi boj va utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha UzAuto Motors kompaniyasi hamda Jizzax avtomobil zavodiga berilgan imtiyozlar to‘g‘risida so‘rov yuborgan edi. DSQ taqdim etgan ma’lumotlar maxfiy, ya’ni faqat tanishish va uni jamoatchilikka oshkor etmaslik sharti bilan berilgan bo‘lib chiqdi.