O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni videoanjuman shaklida o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 14-sammiti ishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

1985 yilda tashkil etilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bugungi kunda nufuzli mintaqaviy birlashma hisoblanadi. Ushbu ko‘p tomonlama tuzilmaning asosiy maqsadi savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Bugungi kunda 10 ta davlat IHTga a’zo. Bular — O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘oniston.

Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida o‘tadigan uchrashuvi kun tartibidan COVID-19 dan keyingi davrda mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari borasidagi fikr-mulohazalarini bayon etishi, shuningdek, pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish, savdo aloqalarini tiklash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport va logistika, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, «yashil» iqtisodiyot va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.