2 mart kuni O‘zbekiston Oliy sudida jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan 16 nafar mahkuma ayolning kassatsiya tartibida bergan shikoyatlari ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Sud majlisida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova va uning o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov ishtirok etdi.


Shikoyatlarni o‘rganishda «mahkuma ayollar jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani e’tiborga olindi», deya ta’kidlandi xabarda.

«Og‘ir jinoyatlarni sodir etgan mahkuma ayollar qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan holda prezidentimizdan, xalqimizdan kechirim so‘radilar», — deb yozmoqda Senat matbuot xizmati.

Shu bilan birga, sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda kafolat xatlari inobatga olinib, 14 nafar ayolning tayinlangan jazolari yengillashtirilib, jazodan ozod qilindi hamda oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytarildi. 2 nafar mahkuma ayolga tayinlangan jazolar yengillashtirildi.