UzAuto Motors`ning qimmatbaho kategoriyadagi avtomobillarining yuqori narxi anzonlashtirilgan «byudjetnыy» mashinalardan kelayotgan yo‘qotishlarni qoplashga qaratilgan biznes model bilan bog‘liq. Bu haqda seshanba kuni «O‘zavtosanoat» boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» kuzda UzAuto Motors komaniyasi General Motors Overseas Distribution bilan 2020−2021 yillarda 8750 ta Chevrolet Equinox avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi. Shartnoma summasi qariyb 200 mln dollarni, yoki har bir mashina uchun tahminan 22845 dollarni (CIP/CPT bo‘yicha narx) tashkil etgan. O‘zbekistonda esa Equinox 349 mln so‘m (33,1 ming dollar) miqdorda sotilgan.

UzAuto Motors marketing bo‘yicha boshqaruv direktori Aleksandr Saxapov narxlardagi tafovutga izoh berdi.

«„22 mingdan xarid qilib, 35 mingga sotayapmiz“ — bu boshqa mamlakatdan sotib olish narxi. Unda hali yetkazib berish, transport va avtomobilni tayyorlash harajatlari ko‘rsatilmagan. Yakunda ushbu harajatlarni hisobga olgan holda O‘zbekistonda Equinox modelining eng yaxshi konfiguratsiyalaridan biri hisoblangan Redline to‘plami 33158 dollarda narxlanmoqda», — dedi u.


«Gazeta.uz» muxbiri General Motors Overseas Distribution bilan tuzilgan shartnomaning tushuntirish xatida narx CIP/CPT bo‘yicha (sotuvchi belgilangan manzilgacha yetkazib berishda transport harajatlari hamda sug‘urtani qoplashi) ko‘rsatilganini ta’kidladi.

«Siz ko‘rganingiz, internetga chiqib ketgan, bu mazkur shartnoma tushuntirish xatining birinchi varog‘i edi. Shartnomaning o‘zini siz o‘qimagansiz… 33158 dollar narxni shakllantiruvchi qo‘shimcha ustama narx mavjud», — deya qayd etdi Aleksandr Saxapov.

Azizbek Shukurov Equinox, Traverse va Malibu kabi avtomobillarni UzAuto Motors «bosh importyori»ga aylandi, degan xabarlar internetda tarqalishiga to‘xtalib o‘tdi.


Uning aytishicha, kompaniya o‘tgan yili 280 mingta moshina ishlab chiqargan. Equinox, Malibu va shu kabi boshqa modeldagi avtomobillar esa bor yo‘g‘i 10 mingta sotilgan.

«Nechta moshina olib kelinib sotildi va qancha ishlab chiqarildi deganda, agar nisbatni olsak, qimmat mashinalar 5 foizdan oshmaydi. Ya’ni biz mahsulotimiz portfelida faqat 5 foizini olib kelib, sotayapmiz. Qolgan 95 foizini ishlab chiqarayapmiz», — dedi u.

Azizbek Shukurov qimmatbaho avtomobillar yuqori daromadli mijozlarga, ishlab chiqarilayotgan 280 ming avtomobil (Damas, Spark, Nexia, Cobalt) esa «byudjetnыy segment»ga mo‘ljallanganini aytdi.

«UzAuto Motors biznes modeli shunaqa qilinganki, iloji boricha ommaga moslashgan „byudjetnыy“ mashinalarga juda minimal daromad qo‘yilgan. Konfedensial tijoriy sirni ochayapman sizlarga, Spark, Nexia kabi mashinalarda [sotuvdan] daromad umuman yo‘q. Nafaqat daromad, balki yo‘qotish bor. Ommaga ko‘proq mashina yetkazish imkoniyatini yaratish uchun qimmat avtomobillarni kichik miqdorda daromadini baland qilib qo‘yamiz. Qimmat mashinadan olayotgan daromadimiz hisobiga arzon mashinadan yo‘qotayotgan pulni qoplayapmiz», — deya tushuntirdi u.

«O‘zavtosanoat» rag‘bari o‘rinbosari 2020 yilda Spark va Nexia avtomobillaridan 550 mlrd so‘m yo‘qotish bo‘lganini ma’lum qildi. Equinox, Malibu, Traverse va Tahoe moshinalaridan esa 500 mlrd so‘m foyda ko‘rilgani aytildi.

«Nima qilgan yaxshi: Equinox, Malibu kabilarni narxini tushirib, Nexia, Spark moshinalarini narxini ko‘tarib qo‘ygan yaxshimi yoki hozirgi holatda biznes modelni davom ettirgan yaxshimi?», — dedi u.

Azizbek Shukurov ta’kidlashicha, zavod o‘tgan yili 6 foizlik rentabellik bilan ishlagan.

2020 yilning uchinchi choragi yakunida kompaniya sof foydasi 1,17 trln so‘mni tashkil etdi. Bu 2019 yilning mos davriga nisbatan (2,28 trln so‘m) qariyb ikki baravarga (94 foizga) kam.

Avvalroq, «Gazeta.uz» O‘zbekistonda sotuvga chiqishi kutilayotgan Chevrolet Onix sedani narxi — 9 mingdan 12 ming dollargacha bo‘lishi haqida yozgan edi. Ushbu model lokalizatsiyasi 2022 yilning to‘rtinchi choragidan boshlanishi kutilmoqda.

Shu kunlarda, UzAuto Motors ishlab chiqarilgan transport vositalarini yetkazib berishni ikki oyga cho‘zishni rejalashtirayotganini ham ma’lum qilgan edi.