AQSHning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksina Isroildagi ommaviy vaksinatsiya jarayoni natijalariga ko‘ra, ikkinchi dozadan so‘ng 94% samaradorlikka ega deb topildi, deya xabar berdi RBK.

Bunday xulosa Isroilda bo‘lib o‘tgan ommaviy vaksinatsiyani kuzatgan olimlar tahlilidan kelib chiqildi. Olimlar 20 dekabrdan 1 fevralgacha bo‘lgan muddat ichida vaksinani qabul qilgan 600 ming inson va emlanmagan yana shuncha inson ma’lumotlarini o‘rganib tahlil qilishdi.

BNT162b2 deya nomlanuvchi ushbu vaksinaning birinchi dozasidan so‘ng samaradorlik 57% deya baholandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu vaksina noyabr oyidagi klinik sinovlarda 90% dan yuqori samaradorlikni ko‘rsatgan edi.

2020 yil oxirida JSST Pfizer vaksinasini favqulodda ishlatishga ruxsat bergandi.

Shuningdek, avvalroq O‘zbekistonga 100 ming dona Pfizer vaksinasi olib kelinishi, shuningdek, mamlakatda mart oyining boshida koronavirusga qarshi vaksinatsiya jarayoni boshlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.