Xitoy rahbari Si Szinpin mamlakatda qashshoqlik to‘liq bartaraf etilganini e’lon qildi, deya xabar berdi «Sinxua» axborot agentligi.

Oxirgi 8 yil ichida Xitoyda qishloq xo‘jaliklarida istiqomat qiluvchi deyarli 100 mln aholi qashshoqlik darajasidan olib chiqildi. Barcha 832 ta uyezd va 128 mingta qishloq qashshoqlik ro‘yxatidan chiqarildi.

Xabarga ko‘ra, Xitoy bunday natijaga ijtimoiy dasturlar va investitsiyalar orqali erishdi. Xitoy hukumati bunday dasturlar uchun ajratiladigan mablag‘larni yildan-yilga oshirdi va so‘nggi 8 yil ichida ijtimoiy dasturlar uchun jami 246 mlrd dollar sarfladi.

So‘nggi 40 yil ichida Xitoy qishloqlarida yashovchi 770 mln aholi qashshoqlik darajasidan chiqdi. Si Szinpinning ta’kidlashicha, Xitoy ushbu rejasini BMTning qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha dasturida belgilanganidan 10 yil ertaroq amalga oshirishga erishdi.

Xitoy standartlariga ko‘ra, yillik daromadi 2300 yuandan (340 dollar) kam bo‘lgan insonlar qashshoqlik chegarasidan pastda yashayotgan hisoblanadi.