Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Andijon viloyatida 2021 yil umumiy qiymati 1 milliard 433 million dollar bo‘lgan 616 ta loyiha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Sohalar kesimida ularning 258 tasi sanoat, 185 tasi xizmat ko‘rsatish, 173 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida.

Natijada qariyb 10 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 95 million dollarlik import o‘rnini bosish hamda 265 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. 61 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.

Xabarga ko‘ra, «Tetrateks» MCHJ tomonidan Baliqchi tumanida to‘qimachilik kompleksi tashkil qilinadi. 2021−2022 yillarda to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning jami qiymati 126 million yevro. Korxona ip-kalavadan boshlab tayyor trikotaj mahsulotlarigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. 2021 yil oxirida ishga tushiriladigan birinchi bosqichda 2 ming 500 ta, barcha bosqichlar yakunida esa 10 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Umuman olganla, Andijon viloyatida umumiy qiymati 782 million dollar bo‘lgan 53 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.

Davlat rahbari loyihalarni ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan mahallalarda joylashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi korxonalarni ko‘paytirib, bandlikni oshirish muhimligini ta’kidladi.

Toshkent viloyatida 2021 yilda 355 ta loyiha ishga tushirilishi aytilmoqda. Umumiy qiymati 1 milliard 624 million dollar bo‘lgan loyihalarning 198 tasi sanoat, 81 tasi xizmat ko‘rsatish, 76 tasi qishloq xo‘jaligi sohasidad. Bularning samarasida qariyb 35 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvati yaratilib, 13 ming kishining bandligi ta’minlanadi. 48 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 42 million dollarlik eksportbop mahsuot ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, viloyatda 187 ta yangi investitsiya loyihasi rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 428,3 mln dollarni tashkil etadi va ular 8759 ta yangi ish o‘rni yaratadi. Ushbu loyihalarning moliyalashtirilishi uchun mablag‘larning 49% (210 mln dollar) tashabbuskorlarning o‘z hisobidan jalb qilinsa, 38% (163 mln dollar) xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi. Bundan tashqari bank (7%) va xorijiy (6%) kreditlar ham jalb qilinadi.

ye

Toshkent viloyati hokimi Davron Xidoyatov.

Masalan, «Metal produkt» MCHJ tomonidan 25 million dollar evaziga Ohangaron shahrida metall mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Uning quvvati yiliga 60 ming tonna bo‘ladi. Joriy yil may oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada 150 kishi ish bilan ta’minlanadi.

«Angren» erkin iqtisodiy zonasida velosipedlar, Qibray tumanida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari ham amalga oshiriladi.

Prezident sanoatga ilm va innovatsiyalarni faol jalb etish, mahsulotlar sifatiga alohida e’tibor qaratib, xaridorgirligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Toshkent viloyatining transport va turizm salohiyatidan oqilona foydalanib, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.