Buyuk Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan tuzilgan Demokratiya indeksida (Democracy Index 2020) O‘zbekiston 155-o‘rinni egalladi. Reytingga jami 165 mamlakat, shuningdek, Gonkong va Falastin ma’muriyati kiritilgan.

2020 yil reytingida O‘zbekiston 2,12 ball to‘pladi va 2019 yilga nisbatan 2 pog‘ona ko‘tarildi. Lekin, mamlakat «avtoritar rejimlar» ro‘yxatida qolgan. Ushbu natija indeksning «Siyosiy ishtirok» indikatori bo‘yicha O‘zbekistonga berilgan ballar yaxshilanganligi (2,22dan 2,78 ballga ko‘tarilgan) evaziga erishilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston 3,14 ball bilan 128-o‘rinni egalladi a va o‘tgan yilga nisbatan 11 pog‘onaga ko‘tarildi. Qirg‘iziston esa 4,21 ball bilan 107-o‘ringa tushib ketdi (2019 yil 101-o‘rinda bo‘lgan). Tojikiston 1,94 ball bilan 159-o‘rinda va Turkmaniston 1,72 ball bilan 162-o‘rinda qolishdi.

«Belarus (148-o‘rin), Ozarbayjon (146-o‘rin) va Markaziy Osiyoning to‘rtta davlati (Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) diktaturada qolmoqda, aksariyat davlat rahbarlari o‘n yillardan buyon hokimiyatni egallab kelmoqda», — deyiladi EIU hisobotida.

Ekspertlar guruhi tomonidan mintaqa mamlakatlarining ko‘pida hukumatga va siyosiy partiyalarga ishonch ortib borayotganligi qayd etilgan.

Ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mintaqadagi «avtoritar rejimlar»da holat 2019 yilga nisbatan ozgina yaxshilangan. Lekin, tadqiqotchilar demokratik islohotlar bo‘yicha uzoq muddatli rivojlanishga erishilmaganligini va yaqin yillarda ushbu kategoriyadagi davlatlarda sezilarli o‘zgarish bo‘lishi kutilmayotganligini ta’kidlagan.

Samarali muqobil siyosiy kuchlarning yetarli emasligi, shuningdek norozi ovozlarni bostiruvchi repressiv davlat apparatining mavjudligi ijtimoiy so‘rovnomalarda siyosiy elitalarga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni oshirib ko‘rsatishi mumkin, deyiladi tadqiqotda.

Mintaqadagi boshqa davlatlardan Rossiya 3,31 ball bilan 124-o‘rinni egallagan. Ekspertlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlash uchun unga 2024 yilda yana ikki marotaba 6 yillik muddatga prezident bo‘lib saylanish imkoniyatini beradigan konstitsuion islohotlarni o‘tkazganligini qayd etgan. «Ushbu voqea Rossiyada demokratlashtirish jarayonigacha uzoq vaqt borligini anglatadi», deyiladi hisobotda.

2020 yilda Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari mustaqil va haqqoniy bo‘lmaganligi ta’kidlanib, undan keyin bo‘lib o‘tgan ko‘p sonli namoyishlar qayd etilgan. «Aleksandr Lukashenko hokimiyatda qolgan bo‘lsa-da, saylovlar mamlakatdagi siyosiy madaniyatni oshirdi, bunga siyosatga ommaviy qiziqish va qatnashishning ortishi, hamda kuchli rahbarlarga ommaviy ishonchga putur yetkazilishi sabab bo‘ldi».

Norvegiya 9,81 ball to‘plagan holda yana reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin 9,37 ball bilan Islandiya, 9,26 ball bilan Shvetsiya bormoqda. Kuchli beshlikka, shuningdek, 9,25 ball bilan Yangi Zelandiya va 9,24 ball bilan Kanada kirdi.

Indeksda so‘nggi o‘rinlarda Chad, Suriya, Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi va Shimoliy Koreya davlatlari joylashgan.

The Economist Intelligence Unit.

Demokratiya indeksini 2006 yildan beri nashr etib keladi. Reyting besh toifaga asoslanadi: saylovlar va plyuralizm; hukumat faoliyati; jamoatchilikning siyosatdagi ishtiroki; siyosiy madaniyat; fuqarolik erkinliklari.

Ushbu toifalardagi bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholardan kelib chiqqan holda har bir mamlakat to‘rt turdagi rejimlardan biri bilan tasniflanadi: «to‘liq demokratiya», «nomukammal demokratiya», «gibrid rejim» yoki «avtoritar rejim».

2020 yilda dunyodagi demokratiyaning umumiy darajasi reyting e’lon qilib kelinayotgan davr davomida eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi — 5.37 ball (2019 yilda — 5.44 ball). Global ko‘rsatkichning pasayishi avtoritar rejimlar ko‘p bo‘lgan Afrikaning Sahrodan janubdagi mamlakatlari, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatning keskin yomonlashishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bir necha yillardan beri «sog‘ligi yaxshi bo‘lmagan» demokratiya 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi bilan ham sinaldi, deyiladi hisobotda.

«To‘liq demokratiya»ga ega davlatlar soni 23 taga yetdi, ularda dunyo aholisining 8,4 foizi yashaydi. «Nomukammal demokratiya» toifasidagi mamlakatlar soni esa 52 tagacha qisqardi (dunyo aholisining 41 foizi).

57 mamlakat (dunyo aholisining 35,6 foizi) «avtoritar» rejimlarga mansub. Dunyo aholisining 15 foizi yashaydigan yana 35 mamlakat esa «gibrid rejim» deb tasniflanadi.