O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2020 yil dekabr oyida O‘zbekistonda iste’mol savatining hisob-kitobini e’lon qildi. Bunda jahon tajribasi va aholining ijtimoiy so‘rov natijalarini hisobga olingani aytilmoqda.

«O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, iste’mol savatining miqdori bir kishi uchun taxminan 2 157 000 so‘mni tashkil etadi», deyiladi xabarda.

Iste’mol savatiga oziq-ovqat mahsulotlaridan — non, yorma va dukkakli mevalar, go‘sht, sabzavotlar, poliz, mevalar (sitrus mevalar va ziravorlar) sut mahsulotlari kiritilgan. Shuningdek, nooziq-ovqat — dorilar, kosmetika va uy-ro‘zg‘or buyumlari mahsulotlari va kommunal xizmatlar, transport xarajatlari va qo‘shimcha o‘quv kurslari ham o‘rin olgan.

Iste’mol savati aholining uchta ijtimoiy-demografik guruhi — mehnatga layoqatli aholi, nafaqaxo‘rlar va bolalar uchun ishlab chiqilishi lozim. Federatsiya bir oyda o‘rtacha mehnatga layoqatli shaxs iste’mol qiladigan tovar va xizmatlarning ro‘yxatini ham tayyorladi.

Unga ko‘ra, bir kishi oy davomida 10 dona non, 3 kg un, 8 kg mol, qo‘y va tovuq go‘shti, 1 kg kolbasa iste’mol qiladi. Shunindek, 3 kg baliq mahsulotlari, 2 litr sut, 18 dona tuxum, 1 kg shakar va 1 litr o‘simlik yog‘i hamda 2 kg guruch ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Qolaversa, 8 kg kartoshka, 6 kg piyoz, 2 kg sabzi, 4 kg pomidor, 2 kg bodring, mevalar esa 1 kilogramdan iste’mol qilinishi qayd etilgan. Oziq-ovqat mahsulotlariga jami — 1 mln 299 ming so‘m, nooziq-ovqat mahsulotlariga esa — 858 ming so‘m sarflanishi belgilangan.