Sardoba fojeasida zarar ko‘rgan masjidlarni tiklash uchun xayriya guruhi ochganlar pullarni Suriyadagi terrorchilik tashkilotiga jo‘natganligi aniqlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2 nafar fuqaro Rossiyada ishlash davomida radikal guruhlar ta’siriga tushib, O‘zbekistonga qaytib kelganlaridan so‘ng aholi orasida ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilgan.

Ular ijtimoiy tarmoqlarda xalqaro terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy rahnomalarining ma’ruzalarini ham tarqatib kelishgan.

Bundan tashqari, Suriyada davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etuvchi terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shug‘ullangani gumon qilinmoqda.

IIB xabariga ko‘ra, guruh yetakchilari Sardoba suv ombori bilan bog‘liq suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan masjidlarning qayta qurilishiga moddiy ko‘mak sifatida «Telegram» da xayriya guruhi ochgan va bank plastik kartasiga tushirilgan mablag‘larni Suriyaga jo‘natgan.

Qo‘lga olinganlardan ba’zilari karantin cheklovlari bekor qilingach, Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirish maqsadida ushbu mamlakat hududidagi maslakdoshlari bilan aloqada bo‘lganligi aytilmoqda.

Hozirda guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan va JKning tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv ishlar davom ettirilmoqda.