O‘zbekistondagi barcha maktablarda uchinchi chorakdan to‘liq an’anaviy ta’lim shakliga o‘tiladi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

2020−2021-o‘quv yilining birinchi yarim yilligida o‘quv jarayoni yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, ota-onalarning ixtiyoriga ko‘ra an’anaviy va masofaviy shaklda olib borildi.

Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgani, ikkinchi chorak yakuniga qadar 90 foizdan ortiq o‘quvchilar an’anaviy shaklda ta’lim olish maqsadida maktabga qaytganini inobatga olib, 2021-yilning 11-yanvaridan barcha maktablarda o‘quv jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklga o‘tkaziladi.

XTB o‘quvchilarning sog‘ligini himoyalash bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida o‘quv yilining birinchi yarim yilligi davomida an’anaviy shaklda ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yilgan maktablarda epidemiologik vaziyatning barqarorligi ta’minlandi deb hisoblamoqda.

Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ikki chorak davomida masofaviy ta’lim olish jarayonida o‘quvchilarning darslarni to‘liq o‘zlashtirishlariga yetarli imkoniyat bermadi, ayrim holatlarda o‘quvchilar televizion darslarni ko‘rish va o‘rganish o‘rniga vaqtini besamar o‘tkazish va ota-onalar tomonidan yetarli nazorat etilmasligi oqibatida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik holatlari ham kuzatildi.

“Shu bois, ota-onalardan farzandlarining kelajagi uchun o‘z vaqtida bilim olishlariga sharoit yaratishlari va maktabga yuborishlarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘z navbatida Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga barcha maktablarda qishki mavsumda issiqlik tizimini barqaror ishlashi, o‘quvchilarning sog‘ligini himoyalash bilan bog‘liq tashkiliy choralarni ko‘rishi, sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlashlari talab etilishini eslatib o‘tdi.