Prezidentning 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha qaroriga ko‘ra, mamlakatda 7 ta kompaniya tomonidan avtomobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

«Navoi-Motors» XK

Navoiy viloyati Karmana tumanida «Navoi-Motors» xususiy kompaniyasida pikaplar, kichik yuk mashinalari, miniven, yo‘ltanlamas, elektromobil hamda traktorlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniya yiliga 12 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyiha 12 mln dollarga baholanmoqda, shundan 6 mln dollari 2021 yilda sarflanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 100 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Avstriyaning Parsalpine Management Gmbn kompaniyasi, Navoi-Motors'ga, shuningdek Navoi Agro Fertilizers o‘g‘itlar ishlab chiqarishga sarmoya kiritadi.

«Manas avto-sanoat» MCHJ

Namangan viloyatidagi «Manas avto-sanoat» kompaniyasi To‘raqo‘rg‘on tumanida yiliga 3000 ta yuk mashinasini ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Loyihaning umumiy qiymati taxminan 10 mln dollarni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 220 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Turkiyaning Manas Savunma AS kompaniyasi xorijiy sherik sifatida ko‘rsatilgan.

«Namangan changan motors» MCHJ

Investitsiya dasturiga Namangan Changan Motors avtomobil ishlab chiqaruvchisi ham kiritilgan. Bu haqda 2020 yilning iyul oyida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, «Namangan» erkin iqtisodiy zonasida Xitoyning Shangan brendi ostida kichik yuk mashinalarini ishlab chiqarilishiga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Kichik yuk mashinalarini ishlab chiqarish «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasida yo‘lga qo‘yiladi. Ishlab chiqarishga jami 5,8 mln dollar sarmoya kiritildi. Bulardan so‘nggi 10 yildan beri BAAda yashovchi namanganlik tadbirkor Jobirxon Hamidovning 800 ming dollari, Mustafa Rent A Car L.L.C tomonidan 2 mln dollarlik xorijiy investitsiya va 3 mln dollar miqdoridagi bank krediti. Ulardan 5 mln dollarini 2021 yilda o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda Namangan Shangan Motors kompaniyasi yiliga 1−1,5 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan 1800 ta kichik yuk mashinasini ishlab chiqaradi, shuningdek 140 kishini ish bilan ta’minlaydi. Birinchi yuk mashinalar 2021 yilning birinchi choragida sotuvga chiqishi kutilmoqda.

«ADM Jizzakh» MCHJ

Jizzakda Lada va Renault avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Avtotransport vositalari «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi Roodell’ning ADM-Jizzakh zavodida yig‘ilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Kia avtomobillarining ishlab chiqarilishi sentyabr oyida e’lon qilingan edi.

Investitsiya dasturiga ko‘ra, loyiha quvvati yiliga 100 ming dona avtomobilni tashkil qiladi. Loyiha 60,9 mln dollarga baholanmoqda, shundan 33,3 mln dollarini 2021 yilda o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Kompaniyaning xorijiy hamkori sifatida Koreyaning Eksimbanki ko‘rsatilgan.

«Auto Motors Asia» MCHJ

Auto Motors Asia Jizzaxda krossoverlar, yuk mashinalari va mikroavtobuslarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga tayyorlanmoqda.

Loyiha quvvati yiliga 27 ming dona avtomobilni tashkil etadi. Investitsiyalar hajmi esa 16,2 mln dollar miqdorida rejalashtirilgan.

Xorijiy sheriklar sifatida Xitoyning China Dong Feng Motor Industry va Nebei Changan Automile kompaniyalari ko‘rsatilgan.

«Abbos-Eco Agro» MCHJ

Surxondaryo viloyatida «Abbos-Eco Agro» kompaniyasi Denov tumanida yengil avtomobillar, mikroavtobuslar va kichik yuk mashinalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Loyiha 30 mln dollarga baholanmoqda. Zavod yiliga 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Xorijiy sherik sifatida Xitoyning Beijing Automotive Group (BAIC Group) xoldingi ko‘rsatilgan.

«Hyundai Motor Uz Namangan» MCHJ

Shuningdek, investitsiya dasturiga Nyundai Motors va Evergreen Motors (Koreya) bilan hamkorlikda Namangan viloyatida yiliga 3000 ta tijorat yuk mashinalarini ishlab chiqaradigan Nyundai Motor Uz Namangan kompaniyasi kiritilgan.

2018 yil noyabr oyida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida Namangan viloyatida Hyundai avtomobil zavodini qurish to‘g‘risida ikki tomonlama bitim imzolangan edi. Shuningdek, zavodning dastlabki mahsulotlari 2019 yil sentyabr oyida chiqarilishi va yillik ishlab chiqarish hajmi 2500 ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar va avtobuslarni tashkil etishi haqida xabar berilgan edi. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Namangan viloyati hokimi v.b. Shavkat Abdurazzoqov o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston tomoni Namangan shahrida zavodni qurish bo‘yicha barcha majburiyatlarni bajarganini aytgan edi.

«Janubiy Koreyalik investorlar talabi asosida erkin iqtisodiy zona hududidan joy ajratildi. Hamkorlik shartnomasi imzolandi. Faqat Janubiy Koreya tomonidan ta’sischilar tarkibi hamda pandemiya boshlanib ketgani uchun ularning faoliyat geografiyasidagi o‘zgarishlar sababli bu boradagi ishlar to‘xtab qoldi.», — deya uning so‘zlarini keltirgan O‘zA.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sheriklar yangi hamkorlik shartnomasini taklif qilishdi.

«Shu masalada hozirgacha ikki marta muzokaralar o‘tkazdik. Koreyaliklar tomonidan hamkorlik bo‘yicha yangi shartnoma taklif etildi. Qo‘shimcha investitsiyalar kiritish, korxonani rivojlantirishga qaratilgan kelishuvni imzoladik. Endilikda Janubiy Koreya tomoni imzolashini kutmoqdamiz. Maqsadimiz — loyihani o‘z holiga tashlab qo‘ymasdan, yurgizishdir. Hozirgi kunda hamkorimiz tomonidan shartnomani ko‘rib chiqilishini kutyapmiz. Bir oy muddatimiz bor, ulardan javobni kutishimiz kerak», — dedi Shavkat Abdurazzoqov.

Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida «avtomobilsozlik sohasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish va sohadagi korxonalar uchun teng sharoitlar yaratish tufayli» ishlab chiqaruvchilar soni ko‘paytirilishini ta’kidladi.