LeBazar asoschisi, Paynet yaratuvchisi va Khan Academy Uzbek rahbari Botir Arifjanov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ikkita loyihani amalga oshirishda yordam so‘rab, murojaat bilan chiqdi. Tadbirkor davlat rahbarining 25 dekabr kuni Yoshlar forumidagi chiqishidan so‘ng mazkur murojaatини yo‘llashga qaror qilganini ta’kidladi.

U bundan ikki yil avval maktablarda ta’lim jarayonida darslik va o‘qituvchilar yetishmovchiligi kabi muammolar yechimiga qaratilgan loyihani hamkorlari bilan boshlashga qaror qilganini esga oladi.

Ular Khan Academy jahonga mashxur ta’lim platformasini o‘zbek tiliga tarjima qilishni va O‘zbekistonda barcha o‘quv dasturlariga bepul kirish imkoniyatini yaratishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Botir Arifjanovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib, bir qator homiylar, jumladan, Yevropa taraqqiyot banki va xalqaro homiylik tashkilotlari ko‘magida 300 ming AQSH dollaridan ziyod mablag‘ to‘plangan va ushbu hayriya loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.

«Bugungi kunga kelib, loyihaning 75 foizi deyarli bitib qoldi. Pandemiya davrida loyihamizning ketishi biroz sekinlashganiga qaramasdan, Khan Academy platformasida o‘zbek tili 29-til bo‘lib qo‘shildi va Khan Academy platformasining butun jarayonida o‘zbek tili eng tez tarjima qilingan til sifatida rekordni qayd etdi», — deya ta’kidladi tadbirkor.

U shu qatorda platforma yakunlanish bosqichida turibdi, lekin shunga qaramasdan, matematika, qisman fizika va biologiya fanlari onlayn tarzda chiqarilganini qo‘shimcha qildi. Yil boshidan beri 200 mindan ortiq yoshlar platformadan foydalanishgan. Oylik o‘rtacha o‘sish 10−15 ming yangi foydalanuvchini tashkil etgan.

Botir Arifjanov platformani o‘zbek tiliga tarjima qilgan bilan muammolar tugamasligi, infrastrukturaga oid yangi to‘siqlar paydo bo‘lishiga to‘xtalgan. Misol tariqasida u maktablarga yetkazib borish va platformadan foydalanish chog‘ida yoshlardan jahon tarmog‘iga ulanganlik uchun pul olinmasligini qayd etdi.

«Afsuski, biz o‘zimizni hayriya jamg‘armamiz miqyosida bu muammoni hal qilish imkoniyatimiz yo‘q. Shu sababdan sizga, aynan shu yoshlarga siz qo‘yayotgan masalalar bo‘yicha juda asqotishini inobatga olgan holda, yordam bersangiz, degan murojaat bilan chiqmoqdaman», — deya ta’kidladi murojaat muallifi. U, shuningdek, prezidentdan loyihani internet va OAV orqali ommalashtirishda ham ko‘mak so‘radi.

Davlat rahbarining qo‘llab-quvvatlashi zarur bo‘lgan ikkinchi loyiha O‘zbekistonda IT-maktabni tashkil etish hisoblanadi. Botir Arifjanov 4 yil avval O‘zbekistonga qaytganida IT sohasida mutaxassislar yetishmovchiligi bilan o‘zi ham to‘qnash kelgani haqida gapirdi. U mutaxassislarning yetishmovchiligi muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarganini esga olib, natijada qisman o‘z loyihalarini Belarus va boshqa mamlakatlarga autsorsing qilishga majbur bo‘lganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muammolarni hal etish uchun hamkorlar bilan birgalikda tegishli ta’lim loyihasini ishlab chiqishga qaror qilishgan. Ular Kremniy vodiysidagi (San-Fransisko) School42 amerika loyihasi bilan aloqa o‘rnatishgan va ekslyuziv hamkorlik shartnomasini imzolashgan. Tadbirkor ushbu maktabning o‘ziga xos xususiyati sifatida o‘quv jarayonining sun’iy aql yordamida tashkil etilishini qayd etdi.

«Bir yil davomida mana shu loyihani tayyorlab kelmoqdamiz. Buning uchun joy qidirayapmiz. Bu loyihaning o‘ziga xos jihati shundaki, bir vaqtning o‘zida minga yaqin kishining bir joyning o‘zida o‘qishi shart va ularga 3 ming kvadrat metrlik „open space“ ko‘rinishida joy talab qilinadi. Biz bundan tashqari, ushbu loyihani amalga oshirish uchun 1 mln dollar sarmoyani investorlar bilan kiritayapmiz. Afsus, bu sarmoyaning asosiy qismi texnikalar, kompyuterlashtirish, dasturlar va boshqa tayyorgarlik masalalariga yetadi. Lekin binoni qurish yoki sotib olish uchun harajatlarga qo‘shadigan bo‘lsak, yoshlarga IT sohasini o‘qitish juda qimmatga tushib ketib qoladi», — deya aniqlik kiritdi Botir Arifjanov.

U IT sohasidagi faoliyati bilan bog‘liq vakolatli tuzilmalarga bo‘sh turgan davlat binolarini uzoq muddatli ijaraga olish masalasida murojaat qilganini ma’lum qildi.

«Bir yildan beri harakat qilayapmiz, haligacha biror natijaga erishishning imkoniyati bo‘lgani yo‘q. Shunga bizga o‘xshagan tadbirkorlarga IT sohasida o‘qitish bo‘yicha yo‘lga qo‘yayotgan loyihamizga boshlang‘ich etapida qisman bir turtki berilsa, buyog‘iga butun respublika bo‘yicha amalga oshirishga qurbimiz yetadi», — deya ta’kidladi tadbirkor.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 18 oydan o‘tgandan keyin maktabni oyiga o‘rtaga 500 dollardan pul topa oladigan 700−1000 nafar yuqori toifali dasturchilar tamomlaydi. Bu degani bitiruvchilar ikki yildan so‘ng O‘zbekistonga 5 mln dollar chet el valyutasini olib kelishini anglatadi, deya xulosa qildi.