28-dekabr kuni Ko‘ksaroyda prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 29 yilligi arafasida taqdirlangan bir guruh vatandoshlarga faxriy unvonlar, orden va medallarni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Biz keyingi yillarda yaxshi an’anani yo‘lga qo‘yib, yurtdoshlarimizga mukofotlarni bayram kunida topshirib kelayotgan edik. Afsuski, bu yilgi pandemiya sharoitida odamlarimizning sog‘lig‘ini asrash uchun ushbu xayrli tadbirni biroz keyinga surishga to‘g‘ri keldi. Ezgulikning kechi yo‘q, deydilar. Nasib etgan ekan, mana bugun sizlar bilan Yangi yil bayrami arafasida yuzma-yuz ko‘rishib, diydorlashib turibmiz” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Biz bugungi natijalarga erishish uchun pandemiya sharoitida — g‘oyat murakkab bir vaziyatda ish olib bordik, — deya davom etdi prezident. — Buning uchun 2−3 karra ko‘proq mehnat qilishga, izlanish, yangi imkoniyat va resurslarni qidirib topishga to‘g‘ri keldi. Avvalo, fidoyi shifokorlarimiz o‘z jonini garovga qo‘yib, xalqimiz sog‘lig‘ini asrash uchun beqiyos jasorat va matonat ko‘rsatdilar”.


Davlat rahbari Qurolli kuchlar, Milliy gvardiya, IIV va FVV xodimlarining xizmatlarini alohida qayd etib o‘tdi. “Bu borada Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mard va jasur xodimlarining xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayni vaqtda, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlar, mahalla faollari, muhtaram nuroniylarimiz, navqiron yoshlarimiz, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillari el-yurtimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqdilar. Har qanday sinovni birdamlik bilan yengib o‘tadigan xalqimiz mana shunday og‘ir kunlarda qudratli kuchga aylandi. Fursatdan foydalanib, sabr-matonatli, zahmatkash, olijanob va fidoyi xalqimizga, uning buyuk qahramonligi uchun yana bir bor bosh egib, ta’zim qilaman”, — dedi prezidend.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, vatandoshlarning fidokorona xizmatlarini munosib e’tirof etish maqsadida bu yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvoni, “Oliy Darajali Do‘stlik”, birinchi va ikkinchi darajali “Salomatlik” hamda “Faxriy murabbiy” ordenlari, “Sog‘lom turmush” medali kabi yangi davlat mukofotlari ta’sis etildi. Bundan tashqari, “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni joriy qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shgan qariyb 25 ming vatandosh ushbu mukofot bilan taqdirlandi.

Ayni kunlarda joylarda yuzlab hamyurtlarimizga ana shu faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi. Davlat rahbari mukofotlangan barcha vatandoshlarga yig‘ilganlar nomidan tabrik yo‘lladi.

O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida jadidchilik harakati namoyandalari — Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi. Marosim avvalida ana shu mukofotlar ma’rifatparvar bobolarning nevaralariga topshirildi.

Bunday ehtirom ulug‘ ajdodlarning o‘lmas merosi bugungi kunda ham qadrli ekanidan, xalqqa beqiyos ma’naviy kuch bag‘ishlab kelayotganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda, el-yurtning milliy uyg‘onish va taraqqiyotga intilishi barqaror ekanini namoyon etadi.

Shuningdek, tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta’lim, adabiyot va boshqa sohalar namoyandalari, davlat va jamoat ishlari faollariga mukofotlar topshirildi. Samarali faoliyati, vatanparvarligi va tashabbuskorligi bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgani uchun prezident ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.



“Hammamiz bugun yaxshi orzular va ulug‘ maqsadlar bilan, yangi yil ostonasida turibmiz. Biz barchamiz ahil va hamjihat bo‘lib, xalqimizga sadoqat bilan mehnat qilib, yangi O‘zbekiston poydevorini yaratayotganimiz bilan faxrlanamiz. Dunyomiz tinch bo‘lsin, bag‘rikeng va olijanob xalqimizni, jonajon Vatanimizni Olloh taolo hamisha o‘z panohida asrasin” — deya so‘zini yakunladi prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar qatnashdi