23 dekabr kuni Xo‘jand shahrida o‘zbek gazini ishga tushirishning ramziy marosimi bo‘lib o‘tdi.

«So‘g‘diyongaz» YOAJ direktori Abduhakim Sufiyev 60 kilometrdan ortiq gaz quvuri ta’mirlanganini va hozirda bu yo‘nalishdagi ishlar davom etayotganini ta’kidladi.

«Dastlabki bosqichda Xo‘jand shahrining sanoat korxonalari gaz bilan ta’minlanadi. Hozirgi vaqtda ularning yarmidan ko‘pi muqobil yoqilg‘iga o‘tishni e’lon qilishdi. Kelgusida kompaniya aholining tayyorligiga qarab tabiiy gazni bosqichma-bosqich yetkazib berish niyatida», — dedi Abduhakim Sufiyev.

Xo‘jand shahrida 150 dan ortiq sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgani va ulardan ba’zilari o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin, tabiiy gaz yetkazib berilishi to‘xtatilganda, yoqilg‘ining boshqa turlari — elektr energiyasi va ko‘mirga o‘tganligi ta’kidlandi.

O‘zbekistondan Tojikistonga gaz yetkazib berish 2012 yilda to‘xtatilgan edi. 2018 yil sentabr oyida O‘zbekiston tabiiy gaz ta’minotini tikladi.