AOKA xabariga ko‘ra, O‘zbekistondagi epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish va koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘choqlari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, 21 dekabr sanasidan 2021 yil 10 yanvarga qadar quyidagi davlatlar bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatiladi.

  • Buyuk Britaniya;
  • Italiya;
  • Germaniya;
  • Daniya;
  • Avstriya;
  • Avstraliya;
  • Niderlandiya;
  • Janubiy Afrika Respublikasi.

Shu bilan birga, ushbu davlatlar fuqarolari, u yerda doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda so‘nggi 14 kun davomida mazkur davlatlarda bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari ushbu cheklov davomida O‘zbekistonga kiritilmasligi belgilandi.

Shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida ushbu davlatlarda bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasida yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi belgilab qo‘yildi.

Mazkur joriy etilayotgan cheklovlar ushbu davlatlardagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sari bosqichma-bosqich bekor qilib borilishi aytilmoqda.

Oldinroq Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada, bundan avval Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi shtammi aniqlanganligi haqida xabar bergan edik. Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, mamlakatda SARS-CoV-2 ning mutatsiyalangan turi qayd etilganligini aytgan.

Koronavirusning ushbu shtammi boshqa ko‘rinishlarga qaraganda tezroq tarqalmoqda, dedi Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri. Ma’lumotlarga ko‘ra, u odatdagidan 70% ko‘proq yuqumli. Shu bilan birga, koronavirusning ushbu shtammi o‘limga olib keladi yoki vaksinalarga turlicha ta’sir qiladi, deb hisoblash uchun hozircha hech qanday asos yo‘qligi aytilmoqda.