18-dekabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmadi.

Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyatini mazmunan ko‘rib chiqqan.

Sudda javobgar vakillari tomonidan apellyatsiya shikoyatiga qo‘shimcha taqdim etilib, taraflar o‘rtasida muhokama qilingan va ish yurituviga qabul qilingan. UzAuto Motors aksiyadorlik jamiyati vakillarining javobgar tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati yuzasidan e’tirozlari tinglandi.

“Apellyatsiya sudlov hay’ati taraflarning tushuntirishlari va prokurorning fikrini eshitib, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra birinchi instansiya sudining 2020-yil 30-oktabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudlov hay’ati ishni ko‘rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MCHJ va iste’molchilarni uchinchi shaxs sifatida jalb etish to‘g‘risidagi iltimosnomani rad etilganligini e’lon qildi.

Sudning qarori e’lon qilinganidan so‘ng, taraflarga nima sababdan sudlov hay’ati ushbu xulosaga kelganligi va qarorga nisbatan shikoyat berish muddati va tartibi to‘g‘risida tushuntirish berildi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida deputatlar tomonidan UzAuto Motors “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilayotganligini tekshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi. 19-avgust kuni esa Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3mln so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shuningdek, mart oyidan buyon, ya’ni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirig‘i berilgan edi.

UzAuto Motors esa bunga javoban “avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz” deya javob qaytargan edi.