FIFA tomonidan o‘tkazilgan The Best 2020 marosimida yilning eng yaxshi futbolchisi va eng yaxshi murabbiysi sovrini egalari e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Polsha terma jamoasi va «Bavariya» klubi hujumchisi Robert Levandovski 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

U o‘tgan mavsumda o‘z klubi bilan 5 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Levandovski Chempionlar ligasi, Bundesliga va Germaniya kubogida to‘purar bo‘ldi.

Yilning eng yaxshi murabbiysiga atalgan sovrinni esa ketma-ket ikkinchi bor «Liverpul» klubi bosh murabbiysi Yurgen Klopp qo‘lga kiritdi. U o‘tgan mavsumda o‘z klubi bilan birga Angliya Premer-ligasi g‘olibiga aylangan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi, darvozaboni va murabbiysi sovrinlariga nomzodlarni e’lon qilgan edi. Yilning eng yaxshi futbolchisiga so‘nggi uch nomzodlar orasida Krishtianu Ronaldu va Lionel Messilar ham bor edi. Shuningdek, yilning eng yaxshi murabbiysiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan uchta asosiy nomzod ro‘yxatidan «Lids» klubi bosh murabbiysi Marselo Belsa, «Bavariya» klubi ustozi Xans-Diter Fliklar ham o‘rin olgandi.