XTV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Pandemiya davrida sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, suv, sanitariya, gigiyena va sog‘lom turmushni yaxshilash hamda yoshlarning salohiyatini mustahkamlash orqali Qoraqalpog‘istonning barqaror kelajagiga sarmoya kiritish» loyihasi doirasida 3,5 million AQSH dollari ajratiladi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade bilan ushbu loyihaning ahamiyati muhokama qilindi.

Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Mo‘ynoq, Bo‘zatov va Qo‘ng‘irot tumanlarining 15 ta maktablarida suv, sanitariya va gigiyena sharoitlarini yaxshilashni ko‘zda tutadi.

Ushbu maktablarda o‘g‘il va qiz bolalar uchun zamonaviy hojatxonalar va yuvinish xonalari, maktablarni chiqindilardan tozalash sharoiti barpo etiladi. Maktablarda, suv nasoslari va isitgichlar innovatsion texnologiyalarini joriy etish orqali qishloq aholisining ham qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan ta’minlanish imkoniyati yaratiladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu loyiha doirasida 20 ta tibbiyot muassasalarida suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena infratuzilmasi yaxshilanadi, telemeditsina va laboratoriya uskunalari o‘rnatiladi, tibbiyot xodimlarini onlayn o‘qitish tizimi takomillashtiriladi. Yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish va mahalliy hamjamiyatlarda 40 ta innovatsion ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.