Buyuk Britaniya Tibbiyot va sog‘liqni saqlash mahsulotlari regulyatori Pfizer/BioNTech vaksinasidan favqulodda holatda foydalanish uchun ruxsat berdi. Yuqori risk guruhidagilar keyingi haftadan boshlab koronavirusga qarshi emlanadi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Mamlakat ushbu vaksinaning 40 mln dozasini sotib olgan. Oldinroq, uning samaradorligi 95%ni ko‘rsatganligi haqida xabar berilgan edi.

Vaksina va immunizatsiya bo‘yicha qo‘mita birinchi navbatda vaksina bilan emlanishi kerak bo‘lgan guruhlar, jumladan qariyalar uyida yashovchilar, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, katta yoshdagilar va klinik jihatdan og‘ir ahvoldagilar uchun maslahatlarni e’lon qilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, vaksinaning narxi 15,5 yevroga baholangan.