1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilishi belgilandi, deya DTM xabar bermoqda.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillari) hamda matematika;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya;
  • 2022−2024 yillarda fizika, geografiya va tarix.

Ona tili va adabiyot hamda matematika fanlari bo‘yicha talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali joriy yilning 1 dekabrdan 20 dekabrga qadar davom etadi.

Test sinovida ishtirok etish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (334 500 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

2021−2022-o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.