Koronavirus Info Telegram kanalining xabar berishicha, bemorlar kamaygani bois, Toshkent shahrida Uchtepa tumanidagi «Atlas» do‘konida COVID-19 va atipik pnevmoniya bemorlari uchun tashkil etilgan taqsimot markazi yopildi. Yaqin orada «Yoshlik» sport majmuasidagi markaz faoliyati ham to‘xtatilishi kutilmoqda.

Koronavirus bemorlarini taqsimlash bo‘yicha birinchi markaz «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar kompleksi va Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari negizida ochilgan edi.

17 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident raisligidagi yig‘ilishda COVID-19 bemorlari uchun mo‘ljallangan 89 ta majmuada 17,5 mingta koykalar mavjudligi, ushbu majmualarda 6570 nafar bemor davolanayotganligi haqida xabar berilgan edi. Davlat rahbari koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalarni optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergan edi.