Ilon Mask dunyodagi eng boy odamlar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi

SpaceX va Tesla rahbari Ilon Mask Microsoft asoschisi Bill Geytsni ortda qoldirib, dunyodagi eng boy odamlar reytingining ikkinchi qatoriga ko‘tarildi. Tesla asoschisining boyligi yil davomida 100,3 mlrd dollarga ko‘payib, 127,9 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Geytsning boyligi esa 127,7 mlrd dollarga baholanmoqda. Reytingda birinchi o‘rinda Amazon asoschisi Jeff Bezos qolmoqda, uning boyligi 182 mlrd dollarni tashkil etadi. — Bloomberg Billionaires Index.

Apple xavfsizlik xizmati rahbari korrupsiyada ayblanmoqda

Apple xavfsizlik xizmati rahbari Tomas Moyer bir nechta kompaniyaning ishchilari uchun qurolni yashirishga ruxsat olish evaziga politsiyaga pora berishga uringanlikda ayblanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Moyer Santa-Klara politsiya boshlig‘iga 70 ming dollarlik 200 dona iPad taklif qilgan. Sud 2021 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadi, Moyer qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. — Santa-Klara (Kaliforniya) okrugi prokuraturasi.

Isroil bosh vaziri ilk bor Bahraynga tashrif buyuradi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Bahraynning valiahd shahzodasi Salmon bin Hamad bin Iso al-Xalifa bilan telefon orqali suhbatlashganini va ushbu arab davlatiga «yaqin kelajakda» birinchi rasmiy tashrifini amalga oshirish uchun taklifini qabul qilganini aytdi. «Men Bahraynning valiahd shahzodasi bilan telefonda gaplashdim. U meni yaqin orada Bahraynga rasmiy shaklda tashrif buyurishga taklif qildi hamda men buni Isroil nomidan va bayrog‘i ostida qilaman», — deya e’lon qildi bosh vazir. — Binyamin Netanyaxu Twitter sahifasi.

Bitkoin kursi so‘nggi uch yilda birinchi marta 19 ming dollardan oshdi

Foto: CoinDesk

Bitkoin kursi o‘sishni davom etib, so‘nggi uch yilda birinchi marta 19 ming dollardan oshdi. Hozirda kripto valyuta narxi 19385 dollarni tashkil qilmoqda. 2017 yil dekabr oyida bitkoin narxining eng yuqori ko‘rstakichi qayd etilgan (19783 dollar). — CoinDesk.

«Sputnik V» vaksinasining samaradorligi 95 foizdan oshdi

O‘tkizilgan tadqiqotlardan olingan natijalarning ikkinchi oraliq tahlillari birinchi in’eksiyadan 28 kun o‘tib Rossiyada ishlab chiqarilgan COVID-19 ga qarshi «Sputnik V» vaksinasi samaradorligi 91,4 foiz, birinchi in’eksiyadan 42 kun o‘tib esa 95 foizdan oshishini ko‘rsatmoqda. Ishlab chiquvchilar xalqaro bozorlar uchun bitta vaksina dozasi narxini 10 dollardan pastroqqa baholashdi. Rossiya fuqarolari uchun emlash bepul bo‘ladi. — Gazeta.uz

Koronavirus tufayli Xitoyda yuzlab reyslar bekor qilindi

Seshanba kuni Xitoyning Shanxay va Tyanszin shaharlaridagi aeroportlarda koronavirus holatlari aniqlangani sababli bir necha yuz reys bekor qilindi. Shanxayning «Pudong» xalqaro aeroportida kamida 436 reys bekor qilingan, shuningdek, Tyanszin «Binxay» aeroportida 165 ta reys to‘xtatilgan. So‘nggi kunlarda ushbu ikki shaharda bir nechta COVID-19 holatlari aniqlangan edi. — Gazeta.uz

Tramp hokimiyatni Baydenga o‘tkazishga ko‘rsatma berdi

Demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden 2020 yilgi AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan edi. Bo‘lib o‘tgan saylovda mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortayotgan AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp mamlakatda hokimiyatni yangi ma’muriyatga o‘tkazish uchun rasmiy jarayonni boshlashni buyurdi. Federal umumiy xizmatlar agentligi (GSA) rahbari Myorfi tomonidan saylovlardan deyarli uch hafta o‘tgach Jo Bayden shtabiga yuborilgan qisqa xat, AQSH ma’muriyati uning g‘alabasini tan olishga tayyor ekanligining birinchi dalili sifatida qaraldi. — Gazeta.uz