Qo‘qon shahrida o‘zganing mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida xonadonga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, er-xotinni o‘ldirgan uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi ishni ko‘rib chiqishni yakunladi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, sudlanuvchilar, O‘zbekiston tumanida istiqomat qiluvchi M. R., F. T. va S. O. oldindan o‘zaro kelishgan holda bosqinchilik bilan o‘zganing mulkini egallash borasida jinoiy reja tuzishgan.

Voqea shu yilning 6 yanvar kuni sodir etilgan. Jinoyatchilar taxminan soat 01:30 larda Qo‘qon shahar Jasorat ko‘chasida F. N.ning yashash xonadoniga o‘g‘rilikka tushishadi. Ular niqob va qo‘lqop kiyib olib, skotch, arqon va ikki dona pichoq bilan qurollangan bo‘lishgan. Vaziyatni kuzatib turish maqsadida S.O. hovlida qoladi.

M. R. va F. T. esa moddiy boyliklarni egallash uchun ichkariga kirib, uyning yotoqxonasiga o‘tishgan. Uxlab yotgan xonadon egasining turmush o‘rtog‘iga bir marotaba pichoq urib, shovqindan uyg‘onib ketgan F.N.ga ham bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazishgan. Ular bu ishlaridan qoniqmay, er-xotinni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishgan.

Sudlanuvchi M.R. sudda ko‘rsatma berishicha, boshqalardan pul qarzi ko‘payib ketgan va shu sababli o‘ziga to‘q oilalarning uyiga o‘g‘rilikka tushishni maqsad qilgan. Bu ishga qarindoshlarini ham jalb etgan. F. N.ning Qo‘qon shahridan uy olishidan xabar topgach, unda katta miqdorda pul borligini taxmin qilib, ushbu jinoyatga qo‘l urgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasining xabar qilishicha, sud hukmi bilan qotillikka qo‘l urgan M. R.ga uzil-kesil umrbod, F. T.ga 25 yil, S. O.ga esa 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.