O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev 11 noyabr kuni bosh vazirning o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov nomiga don yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishda Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan mablag‘ ajratish va sarflashning qonuniyligini tekshirish to‘g‘risida so‘rov yubordi. Unda bosh prokuratura Davlat moliyaviy nazorati departamenti aniqlagan don ekinlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishda qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi hujjatlarni tekshirayotgani qayd etilgan. Mazkur xat nusxasi «Gazeta.uz»da ham mavjud.

Xatda keltirilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi [149-sonli] qarori bilan tijorat banklari tomonidan tuman hokimlari tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblar hamda agrotexnik tadbirlar muddatiga muvofiq boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun buyurtmalar bir yilda bir marotaba, 1 sentyabrga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga taqdim etilishi belgilangan.

Biroq, g‘alla hosilini moliyalashtirish yakunlanishiga qaramasdan, joriy yilning 25 may kuni ATB «Agrobank» tomonidan Bo‘ka tumanidagi «Melek don agro» MJCH uchun 16,3 mlrd so‘m resurs mablag‘i ajratish haqida jamg‘armaga buyurtma taqdim qilingan. 26 may kuni jamg‘armadan 16,3 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgan.

Xatda qayd etilishicha, ATB «Agrobank» Bo‘ka filiali boshqaruvchisi A.Qurbanov va «Melek don agro» MCHJ rahbari M.Ismoilov o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga asosan 16,3 mlrd so‘m resurs mablag‘lari g‘alla hosilini yetishtirish uchun yo‘naltirilmasdan, noqonuniy ravishda jamiyatning aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun berib yuborilgan.

Oqibatda mazkur mablag‘larning 9,277 mlrd so‘mi Bo‘ka tuman hokimi tomonidan taqdim qilingan buyurtmada ko‘rsatilmagan xarajatlarga, xususan, 4,477 mlrd so‘mi — g‘alla tashish transport xizmati xarajatlari uchun, 600 mln so‘mi — mineral o‘g‘it uchun, 200 mln so‘mi — suv nasosi o‘rnatish uchun yo‘naltirilib, maqsadsiz sarflab yuborilgan, deya keltirilgan xatda.

Bosh prokuror ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunga kelib, ajratilgan 16,3 mlrd so‘m kreditning 11,3 mlrd so‘mi qaytarilmagan.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tuman hokimining 2019 yil 31 oktyabrdagi buyurtmasiga ko‘ra, «Bek agro eksport» MJCHga 45 ta fermer xo‘jaliklarining 2147 gektar maydonida fyuchers shartnomalari asosida g‘alla hosilini yetishtirish xarajatlari uchun 7,3 mlrd so‘m resurs mablag‘lari to‘liq ajratilgan. Shunga qaramasdan, ATB «Agrobank» tomonidan 16 aprel kuni hech bir asoslovchi hujjatlarsiz «Bek agro eksport» MCHJ uchun qo‘shimcha yana 4 mlrd so‘m resurs mablag‘i ajratgani, xatda ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, «Agrobank» Qumqo‘rg‘on filiali boshqaruvchisi S.To‘raqulov va «Bek agro eksport» MJCH rahbari E.Ergashev g‘alla hosilini yetishtirish uchun sarflanmasdan jamiyatning aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun yo‘naltirishgan. Mablag‘dan 130 mln so‘mi — mineral o‘g‘it uchun, 1 mlrd so‘mi — urug‘lik bug‘doyga, 243,6 mln so‘mi — lizing to‘lovlari uchun, 31,2 mln so‘mi — kimyoviy vositalar olish uchun, 54 mln so‘mi — ish haqi uchun, 20 mln so‘mi — homiylik uchun, 8,9 mln so‘mi — sug‘urta to‘lovi uchun hamda 2,5 mlrd so‘mi — jamiyat rahbarining o‘ziga tegishli «Bek ko‘mak»ga ko‘rsatiladigan texnika xizmatlari uchun yo‘naltirilib, maqsadsiz sarflab yuborilgan.

Xatda keltirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olinganda, Moliya vazirining o‘rinbosari A.Ergashev jamg‘arma va «Agrobank» boshqaruviga bosim o‘tkazib, o‘zining ukasi E.Ergashev rahbarligidagi «Bek agro eksport»ga 4 mlrd so‘m hamda M.Ismoilov rahbarligidagi «Melek don agro»ga 16,3 mlrd so‘m mablag‘larni jamg‘armadan ajratish haqida topshiriq bergani, shu sababli ularga resurs ajratishga majbur bo‘lishganini bayon qilishgan.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, jamg‘arma mablag‘larining ajratilishi va sarflanishi qonuniyligi hamda Moliya vazirligi mansabdor shaxslarining ushbu ishga aloqadorligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini tashkil qilib, tekshirish xulosasini joriy yilning 16 noyabr kuniga qadar taqdim qilishni so‘ragan.

Jamshid Qo‘chqorov 16 noyabr kuni mas’ul vazirliklar, jamg‘arma hamda «Agrobank"ka vaziyatni har tomonlama o‘rganish va xulosa berish bo‘yicha topshiriq bergan.

Moliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga tekshiruv o‘tkazilayotgani haqidagi xabar haqiqiyligini tasdiqladi va qonunda belgilangan tarzda tekshirishlar o‘tkazilishini, xulosani esa Bosh prokuratura berishini qayd etdi.