«O‘zyo‘linspeksiya» O‘zbekistondagi ko‘priklar holati o‘rganilganda, daryo va soylarning o‘zanlaridan — tosh, qum va shag‘alning nazoratsiz va noqonuniy ravishda qazib olinishi natijasida, ayrim ko‘priklarning oraliq tayanchlari kritik qiymatlardan ortiqcha yuvilib ketganligini aniqladi.

Inspeksiyaning xabar berishicha, Hukumatning tegishli qarori bilan daryolardagi ko‘priklardan — o‘zan bo‘ylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 kmgacha bo‘lgan masofada qum va toshlar qazib olish uchun karerlar barpo etish ta’qiqlangan. Lekin mazkur talab bajarilmagani oqibatida, suv o‘zani sathining pasayishi sababli Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida barpo qilingan jami 26 ta ko‘prikning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan.

«Samarqand viloyatidagi — Qoradaryo, Zarafshon, Oqdaryo, „Darg‘om“ kabi daryo va kanallar ustiga qurilgan 10 ta, Surxondaryo viloyatidagi — Obizarang, To‘palang, Surxon, Oltinsoy daryolari ustidan o‘tgan 6 ta, Qashqadaryo viloyatidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi — Sangzor daryosi ustidan o‘tgan 3 ta, Toshkent viloyatidagi — Chirchiq va Angren daryolari ustidan o‘tgan 2 ta hamda Andijon viloyatidagi Aravonsoy ustidan o‘tgan 1 ta ko‘prik joylashgan o‘zanlarda karerlar faoliyati tugatilmagan. Ular noqonuniy ravishda o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mazkur ko‘priklarni saqlashga mas’ul bo‘lgan korxonalar tomonidan ularni ta’mirlash, tayanchlarini himoyalash bo‘yicha lozim bo‘lgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Inspeksiya tomonidan ko‘priklarning tayanchlarini yuvilishdan saqlash, yaroqsiz holga kelib qolishining oldini olish, noqonuniy karerlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ham tegishli axborotlar kiritilgani aytilmoqda.

O‘z navbatida, Hukumat tomonidan sohaga mas’ul idoralar rahbarlari qattiq ogohlantirilib, ko‘priklar joylashgan daryo o‘zanlarini tozalash, u yerlardagi karerlar faoliyatini tugatish, bu ishlarni qat’iy tartibda amalga oshirish bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlarga zaruriy o‘zgartirishlar kiritish, ko‘priklarning tayanchlarini himoyalash va ta’mirlash yuzasidan tezkor choralar ko‘rilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.