Bitiruvchilarining OTMlarga kirish ko‘rsatkichlariga qarab maktab direktorlariga pul mukofotlari ajratiladi. Bu haqda xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“90 foizi o‘qishga yoki ishga kirgan maktab direktoriga oyligi, direktor fondi qo‘shimchalaridan tashqari — bir martalik o‘quv yili uchun 8 mln so‘mlik mukofot, o‘rinbosariga 4 mln so‘m beriladi. 89% foiz ko‘rsatkich bo‘lsa 6 mln va 3 mln, 80% gacha bo‘lsa 4 mln va 2 mln pul mukofoti ajratiladi”, — deya ma’lum qildi Usmon Sharifxo‘jayev.

Bundan tashqari,maktab reytinglariga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish uchun o‘zining tumanida reytingi eng yuqori bo‘lgan direktorlarga ham ma’lum bir moliyaviy rag‘batlar belgilanmoqda.

Hozirga qadar 10% maktablar reytingi elektron tanlov asosida chiqarib kelinayotgan edi. Endilikda 100% maktablarni qamrab olish va ularning reytingini chiqarish bo‘yicha ishlar tashkil qilinmoqda, deya ma’lum qildi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov.

Reytingda asosan quyidagilarga e’tibor qaratiladi:

  • maktablarda dars berayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning malaka darajasi;
  • malaka oshirish tizimi qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi;
  • o‘quvchilarning bilim darajalari, ya’ni 9 va 11-sinfni bitirishda keyingi bosqichga o‘tish salohiyati.

Shuningdek, navbatdagi malaka toifasiga yig‘imlar bekor qilinadi. Bunda pedagog navbatdan tashqari xohishiga ko‘ra malaka oshirish attestatsiyaga topshirmoqchi bo‘lganda yig‘im undirilmaydi.