6 noyabr kuni O‘zbekiston raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston bosh vazirining matbuot xizmati.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan yig‘ilishni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov olib bordi.


Foto: MDH Ijro qo‘mitasi

Tadbirda Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston bosh vazirlari, Rossiya Hukumati Raisi, Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari, Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi va bosh vaziri, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri ishtirok etdi.

Videokonfrensiya qatnashchilari asosiy e’tiborni MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalariga, shuningdek, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga samarali qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga qaratdilar. Bunda MDH erkin savdo zonasining to‘liq ishlashi muhimligi ta’kidlab o‘tildi.

Hukumat rahbarlari 2030 yilgacha bo‘lgan davrda MDH iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichini (2021−2025 yillarda) amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini muhokama qildilar.


Foto: MDH Ijroiya qo‘mitasi.

MDH mamlakatlari savdo-iqtisodiy hamkorligining bazaviy tamoyillari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan ushbu hujjat Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish, yuqori texnologik transport tizimlarini yaratish, agrosanoat kompleksini mustahkamlash, iqtisodiyotni raqamlashtirishni rivojlantirish, ilmiy-texnikaviy va fan-ta’lim salohiyatini yuksaltirish hamda moliyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy singari sohalarda hamkorlikni taraqqiy ettirishga qaratilgan.

MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha transport, energetika, qurilish, ta’lim, madaniyat, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalarini, shuningdek, yoshlar siyosatini rivojlantirishga oid jami 23 hujjat imzolandi.

Bundan tashqari tadbirda bir necha dasturlar muhokama qilindi:

  • Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, innovatsiyalar, urush qatnashchilari — mahalliy mojarolar ishtirokchilari va ularning oilalari hayotini yaxshilashga oid dasturlar;
  • mintaqalararo va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi muhandisligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasi;
  • transport xavfsizligi va MDHga a’zo davlatlarning gumanitar sohadagi hamkorligini ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejalari;
  • jamiyatning raqamli rivojlanishi va radioaktiv materiallarni transchegaraviy tashish sohasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi shartnomalar.

MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2021 yil 28 mayda Belarus raisligida Minsk shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.