30 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjat bilan Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti tashkil etilmoqda. Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • jamiyat va davlat qurilishi, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarga maslahat va ekspert yordamini tashkil qilish;
  • qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar uchun ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • davlat va huquq sohasida fanlararo fundamental ilmiy tadqiqotlarni bajarish;
  • ilmiy faoliyatni davlat boshqaruv organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan hamkorlikda, shartnomalar asosida amalga oshirish, huquqiy tadqiqotlar yuzasidan fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnomalar tuzish;
  • doimiy asosda chop etiladigan «Davlat va huquq» jurnalini ta’sis etish, jamoaviy va individual monografiyalarni, o‘quv-metodik adabiyotlar va sharhlarni nashr etish;
  • respublikada oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning davlat va huquq sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash, shuningdek, davlat va huquq muammolarini o‘rganish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi ilmiy kengash tuzish.

Qaror bilan institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari uchun tatbiq etilgan mehnatga haq to‘lash tizimi joriy etiladi.

Institutni joriy ta’minlash uchun xarajatlar 2020 yilda davlat byudjetidan Fanlar akademiyasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2021 yildan esa davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Hujjatga muvofiq Davlat va huquq instituti tuzilmasi tasdiqlanmoqda. Shuningdek, Fanlar akademiyasi prezidentiga institut xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilmoqda.

Muassasa Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 81 uy manzilida (Mirzo Ulug‘bek haykali o‘ng tomoni, Fanlar akademiyasi tizimidagi Matematika institutining eski binosi ro‘parasida) tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.