2 noyabridan Markaziy bank o‘lchovli oltin quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, og‘irligi 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalar maxsus himoya qadoqlarida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajaradi va o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi.

Oltin quymalarning sotish va qaytarib sotib olish narxlari oltinning jahon bozoridagi narxi va Markaziy bank tomonidan belgilangan marja yoki chegirma asosida shakllanadi va har kuni Markaziy bankning veb-saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi.

Oltin quymalarining narxlari:

  • 5 gramm — 3 436 000 so‘m
  • 10 gramm — 6 623 000 so‘m
  • 20 gramm — 13 121 000 so‘m
  • 50 gramm — 32 177 000 so‘m
  • Oltin esdalik tangasi (31,1 gramm) — 20 014 000 so‘m

Oltin quymalar Italiyaning Certiline Srl. kompaniyasi bilan xamkorlikda ishlab chiqilgan maxsus qadoqlarda muomalaga chiqariladi.


Qadoqda 3 turdagi himoya elementlari mavjud.


Marja va chegirma miqdorlari o‘lchovli quymalarning muomalaga chiqarilishi va muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq operatsion xarajatlarni hisobga olgan holda belgilanadi.

Qadoqlari but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida tijorat banki tomonidan yombi egasiga to‘lovni darhol amalga oshirish orqali qaytarib sotib olinadi.

Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekpertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov to‘lab beriladi.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘lchovli oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish shoxobchalari (to‘liq ro‘yxat) mavjud.

Qadog‘i but holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank bundan avval, 2018 yilda chiqara boshlagan oltin va kumush esdalik tangalarining barchasi hozirga kelib sotib bo‘lindi. Jami 1900 ta oltin va 6900 ta kumush tangalar sotuvga chiqarilgandi. 2019 yil oktyabr oyida kumush tangalar, 2020 yil sentyabriga kelib oltin tangalar sotuvda qolmagan.