Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xodjayeva «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida urf-odatlarning ayollar hayotidagi o‘rni, ayollarning siyosatdagi ishtiroki qanday bo‘lishi kerakligi, maishiy zo‘ravonlik va Xotin-qizlar qo‘mitasi vakolatlarini yangi vazirlikka o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi haqida gapirdi.

Ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida

Barchasi ayolning ijtimoiy mavqei, uning idrok darajasi, umumiy huquqiy va siyosiy madaniyatiga bog‘liq. Uy bekasi dunyoni o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, o‘qimishli ayol esa o‘z ahamiyatini hayotda o‘rnini topish, mustahkam pozitsiyaga ega bo‘lishda ko‘radi va hokazo. Ayolning birgina portreti haqida gapirish noo‘rin bo‘lar edi.

An’analar va «mentalitet» haqida

Islom qadriyatlari nuqtai nazaridan «jannat onalar oyog‘ida ostida», ammo shu bilan birga biz ayollarga nisbatan munosabat asosan patriarxal bo‘lib qolayotganini ko‘ramiz. Avvalo, uning reproduktiv funksiyasiga, so‘ngra boshqa tomonlariga ahamiyat beriladi.

Bu bir kunda yechish mumkin emas. Biz buni inkor qilmasligimiz, bizni bu holatga ko‘nikishimizni bildirmaydi.

Mentalitetni, stereotiplarni o‘zgartirish uchun vaqt kerak. Har qanday xalqning mentalitetini o‘zgartirish uchun uch avlod o‘zgarishi kerak. Tomchi toshni teshadi, hozirgi taraqqiyparvar ayollar hamjamiyati bizdan keyingi avlodga ayollar huquqlarini himoya qilish masalalarida yanada madaniyatli jamiyatni qoldirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Maishiy zo‘ravonlik haqida

Oiladagi zo‘ravonlikka nafaqat tajovuz, balki majburiy jinsiy aloqa, doimiy haqorat va ruhiy bosim ham kiradi. Bu kabi zo‘ravonlik negizida ayolning turmush o‘g‘tog‘ida qaysidir bir muammoni yechish istagi emas, aksincha oila a’zosini kamsitish va boshqarish istagi yotadi.

Kaltak va tahqirlashlarga qaramay, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari muhabbat, qasos qo‘rquvi, jamiyatdagi qarashlar yoki har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin o‘z oilalarini saqlab qolish istagi tufayli ko‘pincha yordam so‘ramaydilar. Ba’zan bu fojiaga olib keladi.

Ba’zi ayollar zo‘ravonlikka ko‘p yillar davomida dosh berishga tayyor, ammo oxir-oqibat jabrlanuvchi ortiq toqat qilolmaydigan haqiqat vaqti keladi. Masalan, Samarqandda Mustahkam ismli ayol voqeasi — uning eri muntazam ravishda uni kaltaklagan, qo‘llarini sindirgan, yo‘rgak yeyishga majbur qilgan… Ayol birga kechgan turmushi davrida bariga chidagan. Ko‘rinib turibdiki, yuqorida tilga olingan stereotip bu yerda o‘z aksini ko‘rsatgan: uning so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki oilani tark etish jamiyat tomonidan noto‘g‘ri qabul qilinadi va hamma uni militsiyaga borgani va ajrashgani uchun qoralaydi.

Yoki Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumanida yashovchi ayol misoli, uning eri bolalar huzurida uni muntazam ravishda kaltaklagan, kinoyali tarzda masxara qilgan va bolalarning najosatini yeyishga majbur qilgan. Jaholat va zulmkorlik, ayolning tushunarsiz itoatkorligining eng yuqori darajasi.

So‘nggi yillarda, ayniqsa, mamlakat hududlarida oiladagi zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi sabablari — avvalambor, ishsizlik va iqtisodiy ahvolning yomonlashuvidir. Ishsiz qolgan erkak qo‘rquv, xavotir, stressni his qiladi. U alamini kimdan oladi? Albatta, uydagilaridan. Huquqiy savodxonlikning past darajasi tufayli ayollar o‘z turmush agar jinoiy javobgarlikka tortilsa, yagona boquvchisini yo‘qotib qo‘yishlaridan qo‘rqib, yordam so‘ramaydilar.

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga binoan bizda himoya orderlari beriladi. Ularning vazifasi — takror zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilishdir. Jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, agar tahdid bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining muddati 30 kunga uzaytiriladi. Order berish orqali davlat shafqatsiz munosobat qurboniga g‘amxo‘rlik qiladi, shuning uchun doimiy nazorat zarur.

Nima uchun maishiy zo‘ravonlik holatlari kamdan-kam hollarda sudgacha yetib boradi

Asosan, sabab bitta — zo‘ravonlik qurboni o‘z hoxishiga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish idoralaridan o‘z arizasini qaytarib oladi. O‘zi tushgan vaziyatidan hamma xabar topishidan qo‘rquv va nochorlik hissi maishiy zo‘ravonliklarga duchor bo‘lganlarning doimiy hamrohidir.

O‘zbekistonda maishiy zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar deyarli yo‘q.

Yarashtirish instituti haqida

Sobiq huquqni muhofaza qilish xodimi sifatida shuni ta’kidlashni istardimki, ilgari bunday rasmiy institut bo‘lmagan, ammo mahallalarda keksa avlod vakillari orasidan hurmatga sazovor odamlar bo‘lgan, ular muammoli oilalarni yarashtirgan va har qanday kelishmovchiliklar yuz berganda yordam berishgan.

Oilani saqlab qolishga harakat qilish kerakmi? Albatta kelajakda munosabatlar yaxshilanadi va hech kim zarar ko‘rmaydi degan kafolat bo‘lsa, albatta saqlab qolish kerak. Yevropaning ayrim mamlakatlarida ajrashish taqiqlangan davr bo‘lgan. Biroq, bu harakat oilalarni saqlab qololmadi. Shuning uchun, hayoliy qasamyodlar zo‘ravonlik qurboniga aylanishga sabab bo‘lolmaydi. Chidashning aslo keragi yo‘q.

Oilaviy munosabatlar modulining zarurligi haqida

Biz hammamiz turli xilmiz va har birimiz ilgari eshitgan, ko‘rgan narsalarimizni o‘zimizga asos qilib olamiz. Ehtimol, oila qurishning ba’zi umumiy tamoyillari va undagi munosabatlar zarurdir.

O‘zaro munosabatlarda o‘z ota-onalarining modulini qabul qilishni istamaydigan ko‘plab odamlar bor. Qulog‘imizga tez-tez: «Men hech qachon farzandlarimni ota-onamning uslubi bilan tarbiyalamayman!» degan gaplar eshitilib turadi. Ushbu ibora bilan har qanday narsani izohlash mumkin.

Ishonchim komil, ommaviy ta’lim olish yoki ota-onalarga farzandlarini tarbiyalashda yordam ko‘rsatishga zaruriy ehtiyojimiz mavjud. O‘zaro munosabatlarni o‘rnatish va bolaga sog‘lom tarbiya berish uchun ko‘p narsalarni bilish zarur. Yosh ota-onalar, bola tug‘ilishidan oldin kelajakdagi turmushning barcha qiyinchiliklari va oldilarida turgan vazifalarning barcha nozik jihatlaridan xabardor bo‘lib, insoniyat to‘plagan bilimlardan unumli foydalana olsalar, hamma narsa qanchalik o‘zgarishini tasavvur qiling.

O‘zbekistonda gender kamsitishlar haqida

Huquqiy nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonda gender kamsitishlar mavjud emas. Mamlakatimizda asosiy qonun, Konstitutsiya bilan boshlanib, boshqa qonun hujjatlariga qadar bu masalada hamma qonun me’yorlari mukammaldir. Ayollar huquqlarini 100 dan ortiq qonunlar himoya qiladi.

Biroq, bizda gender kamsitishlar yo‘q deyish, aslida o‘z-o‘zimizni aldashdir. «Teng huquqlar va teng imkoniyatlar to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish zaruriyatining o‘zi, yumshoq qilib aytganda, vaziyat u qadar yaxshi emasligidan dalolat beradi. Barcha yetakchi lavozimlarni erkaklar egallab turgani bugungi kunda inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir.

Barchamizga ma’lumki, ayollar ta’lim kabi an’anaviy sohalarning eng yaxshi vakillaridirlar. Ijro etuvchi darajadagi vakil sifatida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi xotin-qizlarning namoyon bo‘lishlari quyidagicha: boshlang‘ich maktab darajasida ayol o‘qituvchilarning ulushi 89,5 foizni, o‘rta maktab darajasida esa bu ko‘rsatkich 64,4 foizni tashkil etadi. Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) bo‘limlarida rahbar ayollarning ulushi 14,4 foizni, o‘rta maktab direktorlari darajasida esa 34,4 foizini tashkil etadi. Raqamlarning o‘zi gapirmoqda.

Gender tenglik va ayollar huquqlarini himoya qilishning ahamiyati haqida

Ba’zilar gender — bu ayollarning hokimiyatga bo‘lgan intilishlari deb hisoblashadi. Haqiqatda esa, bu erkaklar va ayollar masalalari bilan bog‘liq keng va dolzarb muammo — har ikki jinsning tengligi deb aytish mumkin. Shubhasiz, ayollarning jamiyatda muammolari ko‘proq, shuning uchun ayollarga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda dunyo bilan aloqalar, ta’lim, fan, madaniyat, ijtimoiy siyosat tizimidagi gender nuqtai nazari yangi qarash prototipi, jamoatchilik bilan aloqalar va o‘zaro munosabatlarning yangi moduli sifatida qabul qilinmoqda.

Ayollarning siyosatdagi ishtiroki haqida

Erkaklar o‘z vaqtida qo‘llarini ko‘taradigan itoatkor, moslashuvchan ayollarni tanlashni yaxshi ko‘radilar.

O‘nlab yillar davomida ayollar tomonidan turli lavozimlarning nominal egallanishi, davlat hokimiyati tuzilmalarida, xuddi o‘sha viloyat, shahar va tuman hokimliklarida va umuman, hukumatda ayollarning bo‘lishi zarur emas yoki kerak emas degan stereotipga olib keldi. Saylangan va tayinlangan mahalliy davlat hokimiyati organlarida ayollar soni 17,1 foizni tashkil etadi.

Hukumat tarkibida deyarli ayollar yo‘q. Vazirlar orasida bitta ayol, bir nechta vazir o‘rinbosarlari bor, hozirda hokim o‘rinbosarlari yo‘q, faqat bitta ayol OTMrektori bor, ayollarning prorektor darajasidagi ulushi ahamiyatsiz raqamni tashkil qiladi, ayollarning xalqaro maydonda namoyon bo‘lishlari — O‘zbekiston elchilari va xorijiy mamlakatlarda diplomatik vakillari umumiy sonining atigi 3 foiziga yetadi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta Senat raisi lavozimi ayol kishiga ishonib topshirilgani va 2019 yil avgust oyida «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingandan so‘ng, hokim ayollarning paydo bo‘lgani quvonarli rosti. Bularning barchasi umid borligidan dalolat beradi, ammo prezidentning siyosiy irodasi tufayli qarorlarni qabul qilish darajasida ayollarning ishtiroki ortadi.

Ayollar uchun siyosatdagi kvotalar haqida

Kvotalar — ayollarning siyosatdagi vakilligini oshirish uchun matematik yechimdir, ammo ular mavjud barcha to‘siqlarni bartaraf eta olmaydi. Jamiyatda doimiy o‘zgarishlarni ta’minlash uchun kvotalar ikki jabhadagi harakatlar bilan birga olib borilishi kerak: birinchidan, fuqarolik jamiyati ayollarni qo‘llab-quvvatlashi uchun rivojlanishi, ikkinchidan, ayollar o‘zlari siyosatda faolroq bo‘lishlari kerak.

Bu turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin: masalan, jamoat oldida chiqishlar qilish, partiyalar ichidagi kvotalarni talab qilish, tenglik tamoyillarini hurmat qilmaydigan siyosiy rahbarga ergashishdan bosh tortish, gender tenglik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlamaydigan partiyalarni tark etish, shuningdek o‘z siyosiy partiyalarini yaratish, ayollar harakatlarida qatnashish.

«Ayol va siyosat» iborasi ko‘pchilikning, ayniqsa erkaklarning salbiy reaksiyasiga sabab bo‘ladi. Axir, ko‘pchilikning miyasida ayolning o‘rni faqat uyda degan fikr mustahkam o‘rnashgan. Yaqin o‘tmishda hatto rivojlangan Germaniyada ham, agar esingizda bo‘lsa, ideal ayolning nemis jamiyatidagi o‘rni va rolini belgilaydigan uchta «K» (kinder, küche i kirche — «bolalar, oshxona va cherkov») tamoyili mavjud edi. Biroq zamonaviy jamiyatda ayollarning o‘rni doimiy ravishda oshib bormoqda va bugungi kunda Germaniyada ham, boshqa Yevropa mamlakatlarida ham kvotalar orqali juda yaxshi natijalarga erishilmoqda. Skandinaviya davlatlari hukumat va parlamentdagi ayollar soni bo‘yicha umuman butun sayyoradan oldinda.

Kvotalarni qabul qilish samarasi nafaqat miqdoriy nuqtai nazardan, balki sifat jihatidan ham tekshirilishi kerak, ammo bu sohada statistika deyarli mavjud emas.

Biznesdagi ayollar haqida

Ko‘rinishidan, biznesda ayollar uchun kvotalar faqat foydali bo‘ladi. Nemislarning o‘zlari ta’kidlaganidek, Germaniyaning biznesi haqiqiy erkaklar klubi edi: mahalliy 160 ta yirik kompaniyalarda ayollarning atigi 17,4% kuzatuv kengashlarida, 6,1% esa boshqaruv kengashlarida edi. Shu bilan birga, erkaklar va ayollar o‘rtasida maoshdagi farq 22 foizni tashkil etardi.

Integratsiya jarayonini tezlashtirish uchun Germaniya hukumati 2016 yildan boshlab eng yirik kompaniyalarga direktorlar kengashidagio‘rinlarning 30 foizini ayollarga berishni buyurdi. Agar kompaniya tegishli lavozimga ayol kishi topa olmasa, unda munosib nomzod tanlanmaguncha joy bo‘sh qoladi. Kelajakda nomzod izlamaslik uchun erkaklar zaxirani tanlashga, u bilan ishlashga majbur bo‘lishadi.

Bu juda yaxshi tajriba, biz ulardan ushbu amaliyotni o‘rganishimiz kerak. Bizda ko‘plab iqtidorli va qobiliyatli ayollar bor. 500 dan ortiq fan doktorlari va 3000 dan ortiq fan nomzodlari mavjud.

Xotin-qizlar qo‘mitasi vazifalarini Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatiga qo‘shish haqida

Bizning fikrimizcha, Xotin-qizlar qo‘mitasini yo‘qqa chiqargan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligini tashkil etish bilan biroz shoshildik.

«Mahalla» so‘zi bilan, odatda, fuqarolar yig‘ini, yuqori hokimiyat organlari oldida o‘z mahallalarini boshqarish, fuqarolarning hayoti va bo‘sh vaqtini tashkil etish masalalarini hal qilish uchun mas’ul bo‘lgan saylanadiganmahalla raisi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni amalga oshiradigan jamoat tipidagi an’anaviy ijtimoiy institut ko‘z oldimizga keladi.

Endi, albatta, ushbu tuzilmani institutsionalizatsiyalash butun mahalla tizimini tegishli ravishda qayta tashkil etishga olib keladi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari ayollar bilan bog‘liq masalalarni nazorat qiladi. Vazirlikning bo‘ysunuvchi viloyat va tuman boshqarmalarida ayollar bilan ishlash uchun mas’ul bo‘lgan shu kabi lavozimlar mavjud. Ehtimol, mazkur variant ham samarali bo‘lishi mumkin.

Ammo hozir bizda ayollar o‘zlarining ko‘pgina muammolari bilan murojaat qilishlari mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xotin-qizlar bilan ishlaydigan alohida, mustaqil tashkilot yo‘q. Biz Ayollar va yoshlar ishlari bo‘yicha vazirlik tashkil etilishini kutgan edik.

Ayollar va erkaklar jamiyatdagi o‘z o‘rinlarini qayta ko‘rib chiqishlari uchun nima qilish kerak

Nazarimda, bizning barcha dardlarimiz johillikdan kelib chiqadi. Doimiy ravishda o‘qitish va o‘rganish kerak. Biroq, siyosatdagi ba’zi donishmandlarimiz tasavvur qiladigan tarzda emas, ular faqat qizlarni tarbiyalash, ularni oilaviy hayotga tayyorlash haqida gapirishadi.

Mamlakatimizda ko‘pincha qizlardan ustunlik ruhida tarbiyalanadigan o‘g‘il bolalar ham o‘qitilishi kerak. Maktablarda a’lochilar, odatda qizlar, o‘g‘il bolalar esa o‘rtacha ko‘rsatkichlarga ega. Bundan kelib chiqadiki, hayotda kechagi «ikkichi» yoki uch bahoga o‘qigan bola o‘zining hayoliy ustunligi tufayli yetakchiga, rahbarga aylanadi. Bu, albatta, bema’nilik. Ammo bu haqiqat.

Shuning uchun bolalarga yoshligidanoq zamonaviy gender yondashuvlar talablariga javob beradigan to‘g‘ri munosabatlarni singdirish juda muhimdir. Bolalar bog‘chasidan, maktabdan boshlab, o‘g‘il va qiz bolalarga gender tenglik tushunchasini singdirish, agar kimdir ustun bo‘lsa, unda jinsi asosida emas, balki har bir shaxsning shaxsiy fazilatlari va ustunliklari tufayli yutuqqa erishish mumkinligini uqtirish lozim.