Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi olib borilayotgan tezkor va samarali kurashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha bo‘yicha 2 mln yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Yevropa Ittifoqining respublikadagi vakolatxonasi xabar berdi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatdagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha birinchi navbatda tibbiyot muassasalarda bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan tibbiyot xodimlarini shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan», — deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda COVID-19 holatlarini aniqlashda, tekshirish, tartiblash va davolash bilan bog‘liq ishlarda deyarli barcha shaxsiy himoya vositalaridan foydalanilmoqda. Shu munosabat bilan, COVID-19 tashxisi qo‘yilganligi taxmin qilingan yoki tasdiqlangan bemorlar toifasiga kirmaydigan bemorlar bilan ish olib boradigan tibbiyot xodimlari, masalan, tug‘ruqxonalarda, sil va OIV bilan kasallanganlar klinikalarida, stomatologiya, poliklinikalarda va boshqalar himoya vositalarisiz qolmoqda. Shuning uchun JSST tomonidan tavsiya etilgan shaxsiy himoya vositalarini nafaqat COVID-19 bemorlari bilan muomala qiladigan tibbiyot xodimlari uchun, balki boshqa sog‘liqni saqlash xizmatlari va muassasalari xodimlari uchun ham sotib olishni tavsiya etiladi va bu COVID-19 tarqalishini oldini olish uchun juda muhim.

Vakolatxonaning ta’kidlashicha, ushbu loyiha kelgusi ikki yil ichida mamlakat sog‘liqni saqlash xodimlari uchun yetarli miqdordagi yuqori sifatli shaxsiy himoya vositalarini sotib olish orqali kasallik yuqtishining oldini olishga yordam beradi.