Toshkent IIBB IIO xodimlari ko‘cha savdogarlaridan gaz to‘ldirilgan sharlarni tortib olib, ularni osmonga uchirib yuborayotgani aks etgan videoyozuv bo‘yicha izoh berdi.

«„Xavfsizlik me’yorlarini buzgan holda gaz bilan to‘ldirilgan havo sharlarining portlashi oqibatida yosh bola og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazildi“ — agarda ishlatilishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning savdosi IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilmaganida, yuqoridagi kabi xabarlarni internet tarmog‘ida tez-tez uchratib turgan bo‘lardingiz», — deyiladi xabarda.

IIBBning fikricha, «video ostida mualliflar IIBB xodimlarini savdogarlarning pul ishlash niyatini tushunmaslikda ayblab, o‘zlari mazkur sohada keng tarqalgan qoidabuzarliklarni, xavf va oqibatlarini tushunmasliklarini namoyish etdilar».

Xabar qilinishicha, video Shayxontohur tumanida olingan.

«Toshkent shahar IIBB xodimlari savdogarlardan havo sharlarini olib, ularni uchirib yuborishlarining sababi — mazkur sharlar yonuvchi gaz bilan to‘ldirilganidadir. Agarda bu kabi shar xonada yoki boshqa yopiq maydonda portlab ketsa, uning yaqinidagi odamlarga jiddiy kuyish va boshqa jarohatlar yetishi mumkin», — deya tushuntirmoqchi bo‘ldi poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, jahon amaliyotida havo sharlarini geliy bilan to‘ldirish tavsiya etiladi — bu inert, zaharli bo‘lmagan, yonmaydigan va nisbatan xavfsiz gaz turi hisoblanadi. Ammo u arzon emas, shu sababli bir qator sotuvchilar tejash maqsadida sharlarni metan yoki vodorod bilan to‘ldirib, sharlarni ma’lum vaqtga kelib portlaydigan bombaga aylantirishadi.

«Portlashga sabab bo‘luvchi omillar ko‘p — tort ustida yonib turgan sham, sigaret, maishiy texnikadan chiqishi mumkin bo‘lgan uchqun… Shu vaqtda shar oldida qancha ko‘p odam va sharlar bo‘lsa — oqibati ham shunchalik ayanchli bo‘lishi mumkin», — deyiladi xabarda.

IIBB havo sharlari portlashi oqibatida yuz bergan mudhish hodisalar haqida avval berilgan xabarlarga misollar (1, 2, 3) keltirdi.