Har yili dunyo bo‘ylab 7 mln kishi havoning ifloslanishi oqibatida vafot etadi. Ularning ko‘pchiligi saraton, nafas olish yo‘llari yoki yurak kasalliklariga chalingan. Bolalarda ko‘p hollarda astma, surunkali o‘pka kasalliklari, o‘sishning sekinlashishi, semirish va aqliy zaiflik paydo bo‘lishi ehtimoli ko‘proq, deya xabar berdi BMTning yangiliklar markazi 7 sentyabr — Xalqaro toza havo kunida.

COVID-19 pandemiyasi davrida odamlar samolyotlarda kamroq ucha boshlashdi va jamoat transportidan qam foydalanishdi. Olimlar dunyoning ko‘plab shaharlarida havoni ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasining, ayniqsa azot oksidlari darajasining keskin pasayishini aniqlashdi. Bu, asosan, shahar joylarida transport harakati kamayganligining natijasi bo‘ldi.

Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, havo sifatiga transport vositalaridan tashqari ko‘plab boshqa ifloslantiruvchi moddalar ham ta’sir qiladi. Masalan, turar-joy binolari va boshqa binolarni isitish paytida yoki dalalarni urug‘lantirish paytida havoga ko‘tariladigan mayda zarrachalar orqali ifloslanish darajasi pasaymadi.

«Bu shuni ko‘rsatadiki, atrof-muhitning zararlanishini oldini olish uchun, transport sohasidan tashqari, boshqa tarmoqlararo kompleks chora-tadbirlarni ko‘rish juda muhimdir», — deyiladi Yevropaning BMT iqtisodiy komissiyasi bayonotida.

Bayonot mualliflari havoning ifloslanishi nafaqat inson salomatligiga, balki iqtisodiyotga ham zarar yetkazishini eslatib o‘tishdi. Atrof-muhitning ifloslanishidan ko‘riladigan iqtisodiy zarar Yevropa mintaqasining 10 ta mamlakatidagi milliy YAIMning kamida 20 foizini tashkil qiladi.

Xalqaro toza havo kunida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi uzoq masofali chegaralararo havo ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya qilish muhimligini eslatdi.

40 yil o‘tgach, ushbu Konvensiya dunyodagi yagona mintaqaviy hujjat bo‘lib qolmoqda. Bu xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa havoni ifloslantiruvchi moddalar milliy chegaralarni kesib o‘tib, minglab kilometrlarni bosib o‘tishi mumkin ekanligi hisobga olinsa. Konvensiya bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlar allaqachon o‘z natijalarini bergan: masalan, 1990 yildan beri Yevropada zararli moddalar, shu jumladan zarracha va oltingugurt chiqindilari 30 foizdan 80 foizgacha kamaydi. Biroq, oldinda hali ko‘p muammolar mavjud.

BMT tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining a’zolari bo‘lgan o‘nta mamlakatda: Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Estoniya, Kanada, Norvegiya, Portugaliya, AQSH, Shvetsiya va Finlyandiyada havoning ifloslanish darajasi ruxsat etilgan minimal darajadan oshmaydi.