Rossiyalik taniqli blogger va urbanist Ilya Varlamov 25 avgust kuni o‘z videoblogining navbatdagi sonida chemodanini tekshirgandan so‘ng, uning krossovkalari bilan qiziqqan O‘zbekiston chegara xizmati xodimi haqida eslab o‘tdi.

«Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tgan ajoyib lahzani eslamay ilojim yo‘q. Men Qozog‘istondan chiqib, O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganimda, o‘zbeklar yukxonani ochib, chamadonimni titkilay boshlashdi. Chegarachi krossovkalarni olib chiqib: „Qanday o‘lchamda?“ Men aytdim: 43. U: „Afsus, 41 yo‘qmi?“. Ya’ni, u do‘kondagidek gaplashmoqda. Keyin u chamadonimizdagi sigaretlarni topdi va sigaretlarni olib qoldi. Yaxshiyamki, menda 41 kattaligidagi krossovkalar yo‘q edi, aks holda u krossovkalarni olgan bo‘lardi», — dedi blogger.

Chegarachi haqida hikoya qilingan videodan parcha ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida, xususan, Troll.uz kanalida tarqaldi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu voqeani sharhlar ekan, bloger Ilya Aleksandrovich Varlamov so‘nggi besh yil ichida o‘zbek-qozoq chegarasidagi nazorat punktlari orqali umuman o‘tmaganligini aytdi. Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bloger 9 fevralda Rossiyadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri samolyotda, Samarqand aeroportiga uchib kelgan. So‘ngra 10 avgust kuni u Samarqand viloyatining «Jartepa» chegara bojxona posti orqali Tojikistonga jo‘nab, O‘zbekiston hududidan chiqib ketdi.

«„Jartepa“ chegara bojxona postida fuqaroga nisbatan bojxona nazorati soddalashtirilgan va tezkor usulda amalga oshirildi. O‘sha kuni xizmat qilgan Samarqand va Jartepa xalqaro aeroportlarining chegara bojxona postlari xodimlari va fuqaro Varlamov I. A. o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lmagan», — deya qayd etdi qo‘mita.

Davlat bojxona qo‘mitasi bugungi kunda O‘zbekistonning barcha chegara bojxona postlari skanerlash moslamalari bilan jihozlanganligini va «fuqarolar olib o‘tayotgan qo‘l yuki va bagajga nisbatan bojxona nazorati tez va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilayotganini» ta’kidladi.

Shuningdek, chegara bojxona postlarida O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar uchun alohida yo‘laklar mavjud, deya ta’kidladi Davlat bojxona qo‘mitasi.

Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona organlari faoliyati to‘g‘risida ob’ektiv va ishonchli ma’lumotlarni nashr etishda ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Ilya Varlamov, o‘z navbatida, O‘zbekiston bojxona xizmati bayonotiga munosabat bildirdi. Blogerning aytishicha, chegaradagi voqea 10 yil oldin sodir bo‘lgan.

«Hurmatli O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi, sizlarda hammasi yaxshimi? Umid qilamanki, endilikda sizlarning safingizda 41 o‘lchamdagi oyok kiyim kiyadigan firibgarlar ishlamaydi. Bu 10 yil oldin bo‘lgan va aminmanki, bu vaqt ichida sizlar yaxshi tomonga o‘zgardingiz. Ammo, mukammallikning chegarasi yo‘q. Men bojxona qo‘mitasi faoliyatini biroz yaxshilab, Rossiya fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari va sayohat ma’lumotlarini nashr etishni to‘xtatishni taklif qilaman. Quchoqlayman!» — deb yozgan.

Fevral oyida Ilya Varlamov Samarqandga tashrif buyurib, shahar infratuzilmasidagi kamchiliklarga ishora qilgan edi. Shahar hokimiyati ularning ayrimlarini tuzatdi.