22 avgustdan boshlab abituriyentlar Davlat test markazi saytidagi o‘z shaxsiy kabinetidan abituriyent ruxsatnomasini yuklab olishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, hujjat to‘ldirish jarayonida kiritilgan telefon raqamiga bu haqda SMS-xabar yuboriladi, deya ma’lum qildi DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov AOKA zalida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Sardor Rajabov ruxsatnomalar va imtihon o‘tkazilishi yuzasidan berilgan savollarga ham javob berdi.

— Abituriyentlar ruxsatnomalarni qanday olishlari mumkin?

Bu haqda abituriyent ro‘yxatdan o‘tganda saytga kiritgan telefon raqamiga «Sizning abituriyent ruxsatnomangiz shakllantirildi, shaxsiy kabinetingizga kirib, ruxsatnomani yuklab oling» mazmunidagi xabar yuboriladi. Har bir abituriyentning shaxsiy kabinetida abituriyent ruxsatnomasi qo‘yiladi.

- Test imtihoni o‘tkaziladigan joyga qancha vaqt oldin borish kerak?

Abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan sektorlarga kamida yarim soat oldin kelib o‘z o‘rnini egallashi kerak. Ertalabki smenada 6:30dan boshlab abituriyentlarni binoga kiritish boshlanadi, Ikkinchi smenada 16:30dan boshlab sektorlarga kiritish ishlari boshlanadi.

— Agar test o‘tkaziladigan kun ob-havo tufayli, qattiq shamol va yog‘ingarchilik kuzatilsa qanday yo‘l tutiladi?

Agar test o‘tkaziladigan kun ob-havo tufayli, qattiq shamol va yog‘ingarchilik kuzatilsa, shu kungi test boshqa kunga, ya’ni barcha imtihonlar tugagandan keyingi kunlarga ko‘chiriladi.

— Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga test yechishda alohida imtiyoz bormi?

Barcha abituriyentlar uchun vaqt bir xil vaqt beriladi. Ularga test yechishda qo‘shimcha vaqt berilmaydi.

— Testga haydovchilik guvohnomasi yoki pasport nusxasi bilan ham kirsa bo‘ladimi?

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida abituriyent test sinovlariga fuqarolik pasportini olib kelishi shart ekani ko‘rsatilgan, nusxasi emas. Abituriyentning qo‘lida ikkita hujjat bo‘lishi lozim — pasport va DTM ruxsatnomasi. Ushbu hujjatlar bo‘lmagan taqdirda abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi.