Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Uychi tumani amaldorlari karantin kuchaygan, tadbirlar taqiqlangan bir davrda ziyofat uyushtirganliklari haqida video tarqaldi.

Uychi tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Muhammadali Qambarovning “Gazete.uz"ga aytishicha, tadbir 28 iyun kuni tashkil etilgan, 26 iyundan 4 iyulgacha bo‘lgan davrda Uychi tumani “qizil” hudud bo‘lgan va bu yerda karantin sabab ovqatlanish joylari faoliyati va odamlar yig‘ilishi taqiqlangan.

“Videoda „Uychi tumani hokimi“ iborasi bir necha bor takrorlangan bo‘lsada, aslida videoda uning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorjon Bobojonov tasvirga olingan. Bundan tashqari, tashkiliy masalalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Xusanboy To‘xtaboyev, shuningdek, Davlat xizmatlari markazi rahbari Nodirbek Isomiddinov ham ishtirok etishdi. Mahalliy sozanda Muxtorjon Tursunov doira chalmoqda, qolganlar esa ularning do‘stlari edi”, — dedi matbuot kotibi Daryo.uz ga.

Ushbu holat ish vaqtida ro‘y bermagan bo‘lsa-da, hokimiyat hokim o‘rinbosarining xatti-harakatlarini kasbiy muomala va odob-axloq qoidalariga zid deb hisoblaydi.

Tuman hokimligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Muxtorjon Bobojonov mansabdor shaxs sifatida karantin qoidalarini buzgan, xato qilgan va tuman hokimining 12 avgustdagi buyrug‘i bilan hayfsan olgan.

Uychi tumani ichki ishlar boshqarmasi Xusanboy To‘xtaboyevning harakatlarini baholash uchun rasmiy tekshiruv tayinladi.