Qashqadaryo viloyatida tez tibbiy yordam haydovchilari va hamshiralar Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra berilgan rag‘bat pulini olishda nohaqliklarga yo‘l qo‘yilganini aytib, viloyat hokimligi binosi oldida to‘plandi, deb yozmoqda Daryo.uz. Bu haqda xabar bergan nashr muxbiri tibbiyot xodimlarining mazkur masala yuzasidan noroziligi birinchi marotaba emasligini eslatib o‘tdi.

«32 yildan beri tez tibbiy yordamda feldsher bo‘lib xizmat qilaman. Lekin rag‘bat puli berishmadi», — deydi hokimlik binosi oldida to‘plangan fuqarolardan biri Xushvaqt Mardonov.

Shikoyatchilar bilan muloqot qilgan viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshevning vaziyatni izohlashicha, ko‘plab tibbiyot xodimlari Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi 458-sonli qarori bilan tanishib chiqmagan, shu sabab norozilik yuzaga kelmoqda.

«Vazirlar Mahkamasining qarorida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tez tibbiy yordam xodimlari — vrachlar, o‘rta tibbiyot xodimlari, ya’ni feldsher va sanitarlar hamda haydovchilar rag‘batlantirilishi belgilab berilgan. Bizga murojaat qilib kelayotganlarning aksariyati esa dispetcher lavozimida ishlab kelayotganlar bo‘lib, ular rag‘batlantiriluvchilar ro‘yxatida yo‘q. Ular esa biz ham tibbiyot xodimimiz-ku, nega bizga berilmaydi deya savol berishdan charchashmayapti», — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev.

Rustam Yo‘ldoshevning qo‘shimcha qilishicha, viloyatda 247 ta tez tibbiy yordam brigadasining shifokor, hamshira va haydovchilariga 20 milliard so‘mlik rag‘bat pul berilgan. Qolgan murojaatchilar muammosi ham viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida o‘rganiladi va tez orada yechimini topadi.

Shu bilan birga, Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limining Navbahor filiali navbatchi hamshiralari filialda keragidan ortiq xodim ishga olingani bois 220 ming so‘m oylik maoshga ishlashayotganini, rag‘bat pulini ham yetarlicha olishmaganini ma’lum qilgan.

«Bizning Navbahor filialimizda 37 nafar navbatchi hamshira faoliyat yuritadi. Ishchilar keragidan ortiq ishga olingani sabab atigi 220 ming so‘m maoshga ishlaymiz. Shuning uchun rag‘bat pulini ham yetarli darajada olmadik», — deydi Dilrabo Jo‘rayeva.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi qarori bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish uchun davlat byudjetidan 100 milliard so‘m va tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan 100 milliard so‘m ajratilgandi. Qarorga ko‘ra, tez tibbiy yordam vrachlari — 5 million so‘m, o‘rta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) — 4 million so‘m va haydovchilar — 3 million so‘mdan bir martalik moddiy rag‘batlantirilgan.