Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Toshkent shahrida davolanishdan so‘ng butkul sog‘ayib, vohaga qaytdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

To‘ra Bobolov Termiz xalqaro aeroportida viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddilar bilan muloqot o‘tkazib, vohada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, koronavirus pandemiyasini jilovlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarning barqaror ishlashini ta’minlash hamda boshqa zarur masalalar hususida atroflicha fikr almashdi.


Oldinroq, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov va Qobul Tursunovlar ham Toshkentda COVID-19dan davolanayotganligi haqida ma’lumot berilgan edi. Ularning ahvoli haqida hozircha ma’lumot berilgani yo‘q.

Buxoro viloyati hokimligi nega viloyat rahbarlari poytaxtda davolanayotganligi haqida ma’lumot berib, amaldagi qonunchilikka ko‘ra viloyat hokimlari hukumat qoshidagi Tibbiyot Bosh boshqarmasi ro‘yxatida turishadi degan edi. «Zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida».