Koronavirusga chalingan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga kiritilmaydi. Bu haqda Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi, deya xabar berdi AOKA.

Turli asosli sabablarga ko‘ra test sinovlarida qatnasha olmagan abituriyentlar uchun 14 kun davom etadigan test sinovlaridan 4 kun o‘tgach, ular uchun alohida imtihonlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xabarga ko‘ra, abituriyent test sinovlariga kelgan vaqtida isitmasi yuqori bo‘lsa, shifokorlar tomonidan tegishli ravishda tekshiruv tashkil etiladi. Agar unda koronavirus infeksiyasi aniqlanmasa, test sinovlari tugagach tashkil etiladigan imtihonda qatnashish imkoniyati beriladi. Koronavirus aniqlangan abituriyentlar esa bu yilgi test sinovlariga qo‘yilmaydi. Ushbu infeksiya bilan kasallangan abituriyentlar imtihonda qatnashishi uchun koronavirusdan sog‘ayganligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etishi lozim bo‘ladi.

Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabovning qo‘shimcha qilishicha, koronavirusga chalingani sababli test imtihonlarida ishtirok eta olmagan abituriyentlarning imtihon uchun to‘lagan pullarini qaytarish choralari ko‘riladi.

Oldinroq, test sinovlari 2 sentyabdan boshlanishi haqida xabar berilgan edi.