Toshkent hokimiyati COVID-19 ni davolashda yuzaga keladigan muammolarni tezda hal qilish va koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga tibbiy xizmat sifatini baholash uchun sogboling.uz interaktiv xizmatini ishga tushirdi, deya xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati.

Hokimiyat COVID-19 kasalligi bilan bog‘liq tibbiy yordam olgan yoki hozirda olayotgan fuqarolardan ushbu saytda xizmat ko‘rsatish sifati, dori-darmonlar bilan ta’minlash, ovqatlanish va boshqa jihatlar haqida sharhlar qoldirishlarini so‘ramoqda.

«Pandemiyaga qarshi kurashni optimallashtirish uchun COVID-19 bilan bog‘liq tibbiy yordam olgan har bir fuqaroning fikri muhimdir. Bu tibbiy muassasalar mutaxassislari va xodimlariga bemorlarni davolashni iloji boricha samarali amalga oshirishda yordam beradi», — deyiladi shahar ma’muriyati xabarida.

Davolanishning nomaqbul shartlari to‘g‘risida xabar yuborish uchun sogboling.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish, toifani tanlash, muammoni izohlash va «signal yuborish» tugmasini bosish kerak bo‘ladi.

Sayt haqidagi ma’lumotlarda keltirilishicha, foydalanuvchilar tibbiy muassasalardagi noqonuniy xatti-harakatlar yoki boshqa muammolar haqida ham xabar berishlari mumkin.

«Foydalanuvchilar tomonidan yuborilgan har bir signal muammoni hal qilish uchun qaror qabul qilish maqsadida batafsil o‘rganiladi», — deyiladi sayt tavsifida.