Ukrainaning huquqni muhofaza qilish organlari mamlakat poytaxtidagi «Leonardo» biznes markazida joylashgan bankda xodimni garovga olgan va oyog‘iga boylangan bomba yordamida bankni portlatib yuborish bilan tahdid qilgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkin, deyilmoqda. Bu haqda mamlakat IIV Anton Gerashenko o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 3 avgust kuni soat 12.00da «Leonardo» biznes markazida joylashgan «Universal Bank «OAJ vakili politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, 35 yoshga yetmagan noma’lum shaxs bank ofisiga kirib, uning sumkasida bomba borligi va zudlik bilan politsiyani chaqirishni so‘ragan.

Bank xodimlari binoni tark etishgan, ammo bo‘lim boshlig‘i o‘z xohishi bilan qolgani ma’lum qilindi. Hozirda mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari ushbu shaxs bilan muzokaralar olib bormoqda.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchilik aktini amalga oshirish bilan tahdid qilgan shaxs — 1988 yil 25 martda tug‘ilgan Karimov Suxrob Rahmonovich, O‘zbekiston fuqarosidir. Uning ijtimoiy tarmoqlaridagi postlariga ko‘ra, u psixologik xasta (ruhiy salomatlagi joyida bo‘lmagan — tahr.) shaxs», — deb yozdi Gerashchenko o‘zining Facebook-dagi sahifasida.

Kiyevdagi bankdagi bomba (portlash) bilan tahdid qilgan hujumchi unga jonli efirga chiqish va OAV bilan muloqot oborish uchun imkoniyat berilishini talab qilgan.

RBK nashrining xabar berishicha, tahdidchini qo‘lga olishdan oldin unga Ukrainaning ZIK telekanaliga jonli efir bilan chiqishga ruxsat berilgan, lekin telekanal ovozi ochirib qo‘yilgan.

Ukraina xavfsizlik xizmatining tezkor guruhi tahdidchini qo‘lga olgani va unga qarshi JKning «Terorizm» moddasi bilan jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyul kuni Ukrainaning Lutsk shahrida qurollangan shaxs 20 ga yaqin yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusni 12 soatga yaqin garovda ushlab turgandi. Shunda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy bosqinchining talabini bajargandan so‘ng garovga olinganlar ozod etilib, bosqinchi qo‘lga olingandi.