Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologlari tomonidan COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 koronavirusini aniqlovchi test tizimi ishlab chiqildi, deya xabar berdi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Hozirgi paytda 100 ming dona test tizimini o‘z ichiga olgan navbatdagi partiya ishlab chiqarilgan.

Ulardan 40 ming donasi Jizzax, Andijon va Toshkent shahri sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentlik laboratoriyalariga hamda Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentliklariga topshirildi. Qolgan 60 mingtasi ham boshqa viloyatlarga chiqariladi.

Hozirgi kunga kelib respublikada kuniga 20 000 test o‘tkazilishga talab mavjud. Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test sistemasi Markazning startaplaridan biri sifatida «Biotest- LAB» MCHJ tomonidan ommaviy ishlab chiqarishga qo‘yildi. Startap har hafta 100 mingtagacha, oyiga 500 000 ta test-sistemasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.