Sulton Tex Group kompaniyasi klaster atrofidagi vaziyatga munosabat bildirgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevga javob qaytardi. Avvalroq vazir fermerlar manfaati yirik korxonalar manfaati kabi muhim ekanini ta’kidlagan, shu bilan birga, ishlab chiqarishning klaster shaklida barcha ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlar haligacha mavjud emasligini tan olgan edi. Quyida Sulton Tex Group javobini juz’iy tahrir qilgan holda e’tiboringizga havola etamiz.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevga javob

Mana, shu holatning boshlangani, Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuraturaga murojaat qilganimizga 100 kun bo‘ldi. Xayriyat, qishloq xo‘jaligi vaziri endi birinchilardan bo‘lib munosabat bildiribdilar.

OAV bizning tomonimizda turib yoritayapti, deyishingiz noo‘rin emasmi? Keling, vaziyat ochiqlanishi uchun matbuot anjumani o‘tkazaylik, o‘shanda 16 vakildan iborat ishchi guruh ham qatnashsa, masalaning yechilishida shaffoflik bo‘larmidi?

Fermer xo‘jaliklari huquqlari, manfaatlarining buzilishi, deb nimani nazarda tutyapsiz? Biz biror bir fermerning manfaatini buzganimiz yo‘q. Nima ish qilgan bo‘lsak, xalqimiz farovonligi, iqtisodiyotimiz rivoji uchun qildik.

Respublikadan insofli, neytral ishchi guruh tuzib bering, dronlar yordamida suvli yerlarni tahlil qilib ko‘raylikchi. Qarshi tumanidagi yerlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilishini so‘raymiz. Shunda yerlardan qanchalik samarali foydalaniyotganini yaqqol tarzda ko‘rish mumkin. Shunda yer kimlarning manfaatiyu cho‘ntagiga xizmat qilayotgani oydinlashadi.

Xo‘sh, nega unda fermerlarning asosiy qismi klaster bilan ishlaymiz, deb o‘z qo‘llari bilan yozib berib turib, bugun hokimiyat tomonidan andoza qilib tarqatilgan blankalarga ham muhr bosib berayapti? Bosmay ko‘rsin, qani qo‘yasizlarmi? Fermerning biror kamchiligini topib, yeringni olaman, deb tazyiq o‘tkaziladi.

Lekin insofli, mard fermerlar ham munosabat bildirdi, ko‘pchiligi yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilinyapti. Ro‘zg‘ori o‘tib turgan fermer uchun yerini berish jon berishdek gap. Fermerlarning asl fikrini bilmoqchi bo‘lsangiz, yopiq ovoz berish yo‘li bilan uni aniqlab olish qiyin emas.

Yillar davomida fermer manfaati buzilmay, bor-yo‘g‘i bir yil klaster bilan ishlagan fermer manfaati buzilib qoldimi?

Buncha mehribonchiligingiz tahsinga sazovor. Prezidentimiz qishloq xo‘jaligini tubdan o‘zgartirib, yangi texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarishni tubdan yangilash va yetishtirilgan hosilni to‘liq qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida klaster tuzishni joriy qildilar. Siz bunga qarshimisiz? Yoki biror e’tirozingiz bormi?

Bizningcha, bu qarorga kelishdan oldin tahlil qilinib, chuqur o‘rganilgan. Qo‘shimcha qiymatning paydo bo‘lishi, ish o‘rinlarining yaratilishi, eksport xajmining oshishi xalqimiz manfaati uchun emasmi? Bugungi kun talabi xam shu emasmi? Klasterlar uchun huquqiy me’yoriy hujjat bo‘lmasa, bizning aybimiz nima?

Umumiy gap emas, aynan qaysi holatda fermer manfaati buzilyapti? Traktor olib kelishi buyurildi — olib keldik. Alida fermer paxta yetishtirish uchun shartnoma imzolagan, qani aytingizchi, siz o‘zingizning traktoringiz bo‘la turib, ko‘chadan yollab ishlatasizmi, eskirib qoladi traktorim deb? Siz undan ko‘ra qishloq xo‘jaligi teknikasining ko‘proq olib kirilishi borasida bosh qotirsangiz yaxshi bo‘lardi, ishchi organlari tamom bo‘lgan agregat o‘rniga!

Fermerlar haqida arzon ishchi kuchi, mavjud resurs, debsiz. Nima, biz yetishtirilgan paxtani tekinga yoki arzon bahoda olayapmizmi? Kechirasiz, endigina fermerning yelkasiga shamol tegib, kosasi oqara boshladi. Qo‘shib yozadigan «ximiya»dan, yoqilg‘idan urib qoladigan FYOTSHdan, bajarilmagan agrotexnik tadbirlarni bajarildi, deb yozib ko‘yadigan MMTPdan qutilayotgandi. Qolaversa, ta’minotni vaqtida sifatli yetkazish tashkil qilinib, har bir fermer bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yilayotgandi. Eng asosiysi, topshirgan hosil uchun pulini vaqtida, hech qanday to‘siqlarsiz, ta’magirliksiz 31 dekabrgacha qo‘liga oldi.

Siz paxta sanoati kabi korrupsion tizimni qumsayapsizmi?

Fermer uchun kafolatlangan xaridor, bozor bo‘lgani tuzukroq emasmi? Xo‘p, yaxshi fermer kreditni o‘z hisob raqamiga tushirib, erkin tasarruf qilishini ilgari suribsiz. Juda to‘g‘ri fikringiz. Shunda fermerning mas’uliyati oshadi, har bir tiyinni o‘ylab sarflaydi. Lekin uning hisob raqamiga egalik qilmasangizlar, xuddi klaster hisob raqamiga, faoliyatiga aralashgandek!

O‘zining moddiy-texnika bazasi bo‘lgan fermerning yuqori hosil olib, foyda ko‘rishi biz uchun ayni muddao, buni olqishlaymiz. Lekin hamma fermerda ham bu imkoniyatlar bor emas. Qo‘li kaltalik qiladi, ularning bu holatga tushib qolishiga ham shu — siz ishlab turgan tizim aybdor.

Siz 5−6 ta fermerni gapirtirib, tuxmat qiluvchilar pozitsiyasida emas, yosh, serg‘ayrat, zamonaviy fikrlaydigan, yangilikka, rivojlanishga intiladigan vazir ko‘zi bilan qarang. Qishloq xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlamas ekanmiz, bu sohada rivojlanish bo‘lmaydi. Buni siz yaxshi tushunasiz, menimcha. Lekin bir marta mard bo‘lib xalqimiz farovonligi uchun, qolaversa yurtimiz ravnaqi uchun xato qilibmiz, deyish shunchalik qiyinmi?

Xatoni yashirish uchun yana xato ustiga xato qilish, mag‘zava ag‘darish yaxshimas. Beshkent paxta zavodi 5 yil muddatda to‘lab berish sharti bilan sotildimi, shartnoma shartlari buzilgani yo‘qmi, vaqtida to‘lovlarni amalga oshirib boryapmizmi? Nega unda yig‘ilish bayonida paxta zavodini qaytarish ko‘rsatib o‘tilgan? Biz bu hududda yangi zavod qurdik, sifat-sertifikat laboratoriyasini barpo etayapmiz, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish maqsadida ketma-ket loyihalarni rejalashtirib, barcha jarayonlarni qamragan kichik shaharcha qurilayapti. Zamonaviy paxta zavodi, urug‘chilik sexi, yog‘ zavodi, yigiruv, to‘quv, tikuv va hokazo. Bu butun boshli ishlab chiqarish zanjiriku. Prezidentimiz zanjirni tezroq ulang, desalar, sizlar uzish bilan ovorasizlar.

2019 yilda paxta yetishtirish uchun yo‘naltirilgan kredit mablag‘lari ham g‘alla uchun ko‘chirtirildi. Oqibatda yil yakunida fermer 7 mlrd so‘mdan oshiqroq qarz bo‘lib chiqdi. Xayriyatki g‘allani oziqlantirish va kombayn ta’miriga pul talab qilinganini tan olibsiz, fermerlar shuni iltimos qilganini yozibsiz. Aslida fermerlar bizga iltimos qilgandi pulni kuchirib bermang, behuda ketadi, deb.

Sulton Tex 7 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlikka ega, debsiz, siz vazirsiz, gapni asoslab gapiring. Nima uchun mag‘zava ag‘darayapsiz? Shuni bilingki, fermerlarning 7 milliardan oshiq qarzi bor Sulton Tex Groupdan, quloq teskari eshitganga o‘xshaydi. Har holda zo‘ravonlik bilan bizni qarzdormiz deyishga majbur qilmasangiz kerak. Yaxshimas ko‘chadagi mish-mishlarni asoslamay OAVga tarqatish, vazir janoblari.

Fermerlar koorperatsiyasini tuzish to‘g‘risidagi cho‘pchagingiz juda chiroyli to‘qilgan. Nima qilasiz chalg‘itib, bir optimallashtiramiz (maqbullashtirish), bir klaster, endi kooperatsiya, deysiz, tuturuq bormi o‘zi? Prezidentimizning PQ-4633 sonli qarorlarida klaster bilan qamrab olinmagan hududlarda kooperatsiya tashkil qilinsin, deyilgan. Shuncha yil MTP xizmat ko‘rsatdi, hech kimning ishi ham yo‘q edi. Chunki undan manfaatdorlik bor edi, klaster texnikasi arzon ishlasa ham yomon otliqqa chiqaryapsizlar. Har bir texnika xizmatini ko‘rib chiqsa bo‘ladiku, hujjatlar yonib ketgani yo‘qku, fermerlarda ham bor qiziqsangiz! Quruq gap quloqqa yoqmaydi, asoslang har bir e’tirozingizni.

Aslida sizlarga fermer kerak emas, bugun ularni qurol qilyapsizlar xolos, ishchi guruh shaffof baholaydi, deb yana korrupsiya avj oladi, menimcha. Hokim xulosa bersin, deb-ku klaster tobe qilib qo‘yildi kattakonlarga.

Gapirsam kirdikorlar ado bo‘lmaydi, prezidentimizga yolg‘on ma’lumotnoma ham kirgizasiz, bu o‘zi oyog‘i yerdan uzilgan, hech kimni pisand qilmaydi, deb. Aslida sizlar emasmi klasterlarni odam o‘rnida ko‘rmay, ovozing chiqsa Sulton Tex metodini qo‘llaymiz, deb qo‘rqitadigan? Yosh bolani choptirgandek bugun Toshkentga kel, ertaga Jizzaxga, keyin Buxoroga… Nima, klaster rahbarining boshqa qiladigan ishi yo‘qmi?

Sulton Texning klaster faoliyatini to‘xtatdingiz, endi qurilgan paxta zavodi, yog‘ zavodi, biolaboratoriya, sifat sertifikat laboratoriyasi, qishloq xo‘jalik texnika — agregatlari, omborda turgan mineral o‘g‘it, stimulyator, defolyant zaxiralarining pulini kim to‘laydi?

Mana shu qonunga xilof harakatlar oqibatida korxona bugungi kunga qadar 10,7 mlrd so‘m zarar ko‘rdi, 490 ta yaratilgan ish o‘rinlari bo‘sh qoldi.

Harakatlaringiz juda tahlikali, indamasa jinoyatchiga ham chiqarib qo‘yasizlar. Chunki bankdan hisob raqam aylanmamiz bizni ogohlantirmasdan olib tekshirilmoqda. Nimaga erishishmoqchi? Yurtimizdagi hozirgi pandemiya sharoitidagi sinovli kunlarda minga yaqin xodimlarimizning ishlari to‘xtab qolib, qiynalishlarini istashayaptimi? Ming nafar xodim degani ming oila, besh minga yaqin insonlar hayoti, degani emasmi? Qanchalik qiyin bo‘lmasin, ishlab chiqarish hajmini, ish o‘rinlarini saqlab qolgan holda hali xanuz oyiga bir million dollardan ziyod eksport qilayapmiz va yurtimizga valyuta olib kirayapmiz. Besh mingga yaqin insonlar pandemiya davrida hayot kechirishlari uchun yordam qo‘lini cho‘zishga oshiqayapmiz. Gaplarimizning barchasi asosli, kirib kelayotgan valyutalarni, tashkiliy ishlarimizni bank ham, hokimlik ham va boshqa mutassaddi tashkilotlar ham ko‘rib turishibdi. Kim ko‘ra olmayapti bularni?