23 iyul kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 18703 nafarni tashkil etmoqda, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, kasallanish holatlarining 84 nafari Surxondaryo viloyatida, 65 nafari Toshkent shahrida, 16 nafari Namangan viloyatida hamda qolgan 7 nafari Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirgacha kun davomida mamlakatda 324 ta yangi COVID-19 holati tasdiqlandi.

Ayni paytda mamlakatda 10002 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 100 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 82 yoshli M.K.da (ayol) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishidan vafot etgani xabar berildi.

Qayd etilishicha, bemorda 18 iyul kuni «COVID-19» tasdiqlangan va umumiy ahvoli og‘irligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas berish apparatiga ulangan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi, semizlikning 2-darajasi, parkinsonizm kasalligi, podagra kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishidan vafot etgan.