Prezident Shavkat Mirziyoyev “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi, deya xabar berdi “O‘zbekiston 24” telekanali. Ushbu hujjat bilan 2024 yilgacha bo‘lgan tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Farmonga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlis Senati va prezidentga hisobdor. Qo‘mita davlat organlarining raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablarini buzuvchi qarorlarini bekor qilish va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan chora qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritish, kartel kelishuvlar va til biriktirishlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda aniqlash, davlat ishtirokidagi korxonalarning tashkil etilishi ustidan nazoratni olib borish kabi vazifalarni amalga oshirishda bevosita O‘zbekiston prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi.

Ta’kidlanishicha, 1 oktyabrdan boshlab 1 tovar bozorida 5 va undan ortiq xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda (mudofaa va milliy xavfsizlik maqsadida tashkil etilgan kompaniyalardan tashqari) davlat muassasalarining ta’sis etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur farmon bilan davlat xaridlariga amalga oshirish bo‘yicha mexanizmlariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Jumladan, 2021 yil 1 yanvar kunidan boshlab davlat buyurtmachisi, tender, tanlov va eng yaxshi takliflar tanlab olishda hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishidan oldin u bilan affilangan (bog‘liq) bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni davlatlar xaridlarini maxsus axborot portaliga joylashtirishga majbur bo‘ladi.

Davlat boshqaruv organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tabiiy monopoliya sub’ektlari va tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega korxonalar hamda oxirgi 3 yilda tovar sotishdan olingan jami tushumning o‘rtacha yillik miqdori 30 mlrd so‘mdan oshadigan korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘z faoliyatining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha “monopoliyaga qarshi komplayens” tizimi joriy etiladi. Bu tizimni 2020−2021 yillarda bosqichma-bosqich tatbiq etish vazifasi yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilgan.

Shu va boshqa tadbirlar natijasida monopol korxonalar soni 40 foizga qisqarishi, mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rni va investitsion jozibadorligi oshishi, biznes ishtirokining kengayishi hamda ish o‘rinlari sonining ko‘payishiga erishish kutilmoqda.