Ichki ishlar vazirligi rahbariyati Andijonda qiynoq oqibatidagi o‘lim yuzasidan A.Abdukarimovning oilasidan uzr so‘radi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Xalqaro press-klubda onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan “Andijondagi jinoyat ishi” yuzasidan brifing davomida aytib o‘tdi.

“Haqiqatdan, 30 may kuni Andijon shahrida sodir etilgan mudhish voqea, bu — bizning xodimlarimiz tomonidan sodir etilgan jinoyat. Bundan keyin qanchalik harakatlar amalga oshirmasak ham, bu dog‘ bizning kamchiliklarimiz to‘g‘risida eslatib turadi”, — deya ta’kidladi IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.

U voqea sodir bo‘lganidan keyin Andijon IIB rahbariyati, hokimiyat, prokuratura vakillari borib, marhumning oilasidan xabar olishganini va uzr so‘rashganini ma’lum qildi.

“Hozirgi vaqtda, bunday holatdan keyin tizim sifatida qancha ko‘p kechirim so‘rasak ham kam. Bu oila kechirimni qabul qiladimi, qilmaydimi, bu ham katta masala. Biz ichki ishlar organlari sifatida o‘zimizning xizmatimiz bilan o‘zimizning ishimiz bilan kechirimimizni ko‘rsatamiz, kechirim so‘raymiz”, — deya ta’kidladi IIV matbuot kotibi.

Brifingda ishtirok etgan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Andijonda IIB xodimlari qiynoqlaridan vafot etgan fuqaroga u qimmatbaho toshni olganiga iqror bo‘lishi uchun zo‘rlik ishlatilganini qayd etdi. Prokuratura vakili ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etayotganligini ma’lum qildi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov esa Andijondagi voqea yuzasidan sud ishlari ochiq va shaffof bo‘lishini, unga jurnalistlar ham kiritilishini aytib o‘tdi.

Avvalroq xabar berilgandek, ichki ishlar xodimlari Andijonlik A.Abdukarimovni qimmat toshni boshqa bir shaxsga qaytarmagani uchun ushlashgan. 13 kun tergov bo‘limi xodimlari tomonidan qilingan qiynoqlar va zo‘ravonliklardan so‘ng u shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Ayblanuvchi uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, viloyat IIB 5 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan va 19 nafari turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgani haqida ma’lum qilgandik.

“Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak”, — deya ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni videoselektor yig‘ilishida.